Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqadi

Bundan 10-15 yillar oldin bir qadar to‘xtab qolgan qurilish sohasi keyingi yillarda ko‘lami jihatidan boshqa yo‘nalishlarni birmuncha ortda qoldirmoqda. Salmoq ortib borayotgani yaxshi albatta, ammo qing‘irliklarga yo‘l qo‘yilmayaptimi? Tizimda sifatni oshirish, sohani zamonaviy asoslarda rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda 2020 yil investitsiya va boshqa dasturlar asosida 3 ming 316 ta ob’yekt, shu jumladan 52 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 14 ta melioratsiya, 21 ta sog‘liqni saqlash, 23 ta ichimlik suvi ob’yektlari, 46 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta oliy ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, 464 xonadonli ko‘p qavatli arzon uy-joylar, 240 xonadonli “O‘zshahar qurilish invest” ishtirokidagi ko‘p qavatli arzon uy-joylar ro‘yxatga olingan.

- Ro‘yxatga olingan ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari talabga muvofiqligi nazoratga olinib, 2733 marta tekshirishlar o‘tkazildi, - deydi viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Hamdam Jabborov. – O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 593 ta yozma ko‘rsatmalar berilib, kamchiliklarning bartaraf etilishi ta’minlangan.

Loyihalash, qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari yuzasidan ma’muriy javobgarlik masalasini hal etish bo‘yicha 29 ta hujjatlar to‘plami tegishli sud organlariga yuborilgan.

Inspeksiya sinov laboratoriyasi tomonidan maktablar, namunaviy uy-joy qurilishi va boshqa ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari va mahsulotlari sifatini aniqlash yuzasidan sinov ishlarini bajarish uchun 164 ta shartnoma tuzilib, 1373,58 million so‘mlik laboratoriya xizmatlari ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlash uchun xabardor etish orqali 740 ta ariza ko‘rib chiqilib, ob’yektlar ro‘yxatga olingan va nazorat tadbirlari amalga oshirilgan.

Bajarilmagan ishning millionlari

2020 yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan viloyatda 227 ta, jumladan, 3 ta yildan yilga o‘tuvchi va 8 ta yangidan boshlanadigan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga 1 trillion 189,4 milliard so‘m ajratilgan.

Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining 193,9 milliard so‘m mablag‘i hisobidan 57 ta ob’yektlarda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilgan.

Samarqand viloyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 12 ta ob’yektni parallel qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga 239,8 milliard so‘m ajratilgan.

- O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bir qator qurilish-ta’mirlash ishlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlangan, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Erkin Rahmatullayev. - Jumladan, Samarqand shahrining Gulobod ko‘chasi bo‘ylab Xo‘ja Ahror Vali tarixiy obidasidan Termiz ko‘chasigacha bo‘lgan hududda 1407 metr suv va oqova tarmog‘i qurilishida pudratchi tashkilot tomonidan bajarilmagan ishlarga 78,6 million so‘m qo‘shib yozilib, talon-toroj qilingan. Afrosiyob ko‘chasida ichimlik suv quduqlari qurilishida 85 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmagan.

Samarqand tumani “Ona Zamin” massivida nasos stansiyasi qurish ob’yektida esa quvur narxlari 657,9 million so‘mga oshirib ko‘rsatilgan. Nasos stansiyasi ishlamasligi va jo‘mrak ochiq holatda qoldirilganligi oqibatida oqova suvlari Qoradaryoga tashlanib, tabiatga 99,1 million so‘m zarar yetkazilgan.

Samarqand shahri va Past Darg‘om tumani obodonlashtirish boshqarmalari hamda “Suvoqova” davlat unitar korxonasi tomonidan 1,5 milliard so‘mlik texnika va asbob-uskunalar mahalliy korxonalardan import narxidan qimmatga xarid qilingan.

Shuningdek, Past Darg‘om tumani ichki yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha 460,3 million so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

“Samarqand uy-joy ta’mir” PBT DUK mansabdor shaxslari “Toshelektroapparat” xususiy korxonasidan sotib olingan 2 dona nosoz liftning 87,6 million so‘mlik ehtiyot qismlarini talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, 127 ta ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlashda 129,7 million so‘m, ichimlik suvi va oqova tarmoqlari bo‘yicha 20,8 million so‘m va yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarida 11,9 million so‘mlik ishlar bajarilmagan.

Albatta, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, bu borada viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Yo.Marqayev.