Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qirg‘iz Respublikasi mudofaa vaziri Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bilan tanishdi

Qirg‘iz Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Baktibek Bekbolotov boshchiligida harbiy delegatsiya O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida ko‘hna va navqiron Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi rahbariyati yangidan qurib bitkazilgan Samarqand xalqaro aeroportida kutib olishdi.

Delegatsiya a’zolari salkam 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan, hamisha navqiron Samarqandda saqlanayotgan va xalqimiz tomonidan asrlar davomida e’zozlanib kelinayotgan arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar bilan yaqindan tanishdi.

Sayohat davomida ular qadimiy va serjilo me’morchilik obidalari, o‘rta asrlar davriga oid moviy gumbazli muazzam minoralar, o‘lmas obidalarga ega mazkur shaharning naqadar rivoj topganini va ajdodlarimizning bunyodkorligiga guvoh bo‘lishdi.

Harbiy delegatsiya Samarqandga tashrifi chog‘ida Markaziy harbiy okrugda ham bo‘lib, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, tarix o‘quv binosi, axborot texnologiyalari o‘quv sinflari hamda jangovar mashg‘ulotlar sinfida bo‘lib, milliy armiyamizning qudrati har tomonlama yuksalib borayotganini ko‘rdi.

Tashrif yakunida mehmonlarga okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.