Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qirg‘izistonda sobiq prezident Akayevga nisbatan jinoiy ta’qib to‘xtatildi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayevdan “Qumtor” oltin koni atrofidagi korrupsiyaga oid ayblovlar olib tashlandi, dedi kecha, 20 dekabr kuni uning hamkori Bekbolot Talgarbekov.

"Unga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlandi, so‘roqlar yakunlandi. Akayev kecha Moskvaga qaytdi", — dedi Talgarbekov.

"Tergov jarayonida Akayevning "Senterra"da hech qanday ulushi yo‘qligi, "Qumtor"dan foyda olmagani aniqlandi. Endi Akayev istalgan kun Qirg‘izistonga uchib ketishi mumkin", - dedi u.

14 dekabr kuni Akayev Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga so‘roq qilish uchun Bishkekka yetib kelgan edi.

2005 yilda hukumat almashganidan keyin mamlakatni tark etgan Akayev 2 avgust kuni Bishkekka kelgan. Respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida “Qumtor” oltin koni ishi bo‘yicha so‘roq qilinganidan so‘ng u qo‘yib yuborildi. Oradan bir hafta o‘tib Akayev Moskvaga qaytdi.

Avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Akayev boshqa sobiq yuqori martabali amaldorlar qatori 1992 yilda “Qumtor” loyihasi bo‘yicha bosh kelishuvni tuzish, 1994 yilda unga o‘zgartirishlar kiritish va 2003 yilda Cameco bilan bosh kelishuvni qayta tuzishda korrupsiyada ayblangani haqida ma’lum qilgan edi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, 1992 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda "Kirgizaltin" OAJning ayrim mansabdor shaxs va rahbariyati Kanadaning Cameco va Centerra Gold Inc. kompaniyasi, shuningdek, "Kumtor Opereyting Kompani" va "Kumtor Gold Kompani" YoAJ vakillari bilan “noqonuniy va barqaror munosabatlar o‘rnatgan” hamda “noqonuniy yo‘l bilan moddiy va boshqa manfaatlar maqsadida Qumtor oltin konini o‘zlashtirish bo‘yicha Qirg‘iziston uchun noqulay shartnomalar tuzgan”.

Bu ishda bir qancha sobiq yuqori martabali amaldor va siyosatchilar, jumladan Qirg‘izistonning ikki sobiq bosh vazirlari Temir Sariyev va Joomart Otorboyev ishtirok etmoqda.