Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Qisman safarbarlik", mamlakatni tark etayotgan rossiyaliklar va Patriarx murojaati 

Rossiya prezidenti 21 sentyabr kuni e’lon qilgan qisman safarbarlik mamlakatda bir haftadan beri davom etmoqda. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi 300 ming zaxiradagi askarni armiyaga jalb qilmoqchi. Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Bryansk viloyati va Qrim hukumati allaqachon safarbarlik rejasini 100 foizga bajargani haqida hisobot bergan.

Bir vaqtning o‘zida tinch aholining noto‘g‘ri safarbar qilingani, jihozlar yetishmasligi va urush zonasiga yuborilgunga qadar minimal tayyorgarlik haqida xabarlar bor.

Patriarx Kirill rossiyaliklarni oxir-oqibat Ukraina bilan murosaga olib keluvchi “ruhiy safarbarlikka” chaqirdi. Avvalroq xutbada u harbiy burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lish gunohlarni yuvishini aytgan, bu esa Rossiya jamiyatida kuchli reaksiyaga sabab bo‘lgan edi.

Rasmiylar harakatlariga norozi rossiyaliklar qarshilik bildirishda davom etmoqda. Bugungi kunga qadar qariyb 2,5 ming kishi hibsga olingani BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasida xavotir uyg‘otdi.

Ayni paytda o‘n minglab rossiyaliklar armiyaga chaqirilmaslik va urushga jo‘natmaslik uchun mamlakatni tark etmoqda. Qozog‘istonga 100 000 ga yaqin, Gruziyaga har kuni taxminan 10 000 ga yaqin, Finlyandiyaga esa 30 000 dan ortig‘i jo‘nab ketmoqda. Rossiya hukumati esa chegaralarni yopish niyatida emasligini va boshqa davlatlardan chiqib ketgan fuqarolarni qaytarishini talab qilmasligini bildirdi.

Bu orada Oq uy safarbarlikdan qochgan rossiyaliklar Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘rashi mumkinligini bildirdi.

Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi. "Biz fuqaroligidan qat’i nazar, ular AQShdan boshpana so‘rashi mumkinligiga ishonamiz va har bir ariza alohida ko‘rib chiqiladi", dedi Jan-Per.

Avvalroq Germaniya rasmiylari ma’lum sharoitlarda Rossiya armiyasidan qochganlarga va “Putin rejimiga qarshi bo‘lganlarga” boshpana berishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.