Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qog‘oz – bilimlar saqlanadigan ulkan xazinadir

Vaqt qancha narsalarni eskirtirdi, kamaytirdi va yo‘q qildi. Faqat ilmgina o‘tgan sayin yangilandi, ko‘paydi va davom etdi. Dunyoning ko‘p xazinalari yer tagida qoldi, ko‘mildi, ammo ilm xazinasi ko‘milmadi. Qancha olimlar dafn qilindilar, biroq ilmlari boqiy qoldi. Xo‘sh, ular qoldirgan adabiy me’ros bizga qanday yetib keldi?

Qadimda odamlar toshlarga, daraxt po‘stloqlariga yozgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib qog‘oz ham paydo bo‘ldi, insonlarning mushkuli osonlashdi. Shu yozuv bitiladigan qog‘ozlar orqaligina tarix, insoniyat turmushi, madaniyati va urf-odatlaridan boxabar bo‘ldik.

Masalan, musulmonlarning eng muqaddas kitobi Qur’oni Karim ham, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning hadislari,  diniy va dunyoviy ilmlari ham bizgacha qog‘oz holida yetib keldi. Shunday ekan biz qog‘ozga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz zarur. Negaki, qog‘ozlar kelgusi avlodlar uchun ham xizmat qilishi kerak.

Afsuski, keyingi paytlarda qog‘ozga nisbatan hurmatsizlik bo‘layotgani, o‘rinsiz ishlatilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Achinarlisi, muborak so‘zlar bitilgan qog‘ozlarni har xil nojoyiz joylarda ko‘ramiz. Muborak hadislarda, oyatlarda biror narsani isrof qilish o‘shanga zorlikni keltirib chiqarishi haqida so‘z boradi. Biz bugun qog‘ozga nisbatan shunday munosabatda bo‘layotganga o‘xshaymiz.

Shuni bilishimiz kerakki, ajdodlarimiz ilmida baraka bo‘lgan. Shu sababli ularni ilmi butun dunyoga tanitgan. Barchamiz bobolarimiz tutgan yo‘ldan borib, nafaqat qog‘ozni, balki jamiki ne’matlarni asrasak, avaylasak ko‘zlagan maqsadlarimizga, yetamiz, inshoolloh.

Ozod Nazarov,

Past Darg‘om tuman bosh imom-xatibi.