Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qomusim (qo‘shiq audio)

Baxtli hayot kafolati u,
Ajdodlarim hidoyati u,
Iqbol hadya aylagay mangu,
Yaratganning shafoati u -
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening.

Posbon bizga har dam, har nafas,
Bizga dunyo aylaydi havas,
Bizga g‘anim sira yo‘lamas,
Tilda doim yangraydi shu sas:
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening.

Har satrida mehr, sehr bor,
Adolatga metin poydevor,
Kecha-kunduz qilgum iftixor,
Bunday kitob boqiy, barqaror,
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening.

Shukr, tinchdir tiniq osmonim,
Kafolatda dinu iymonim,
Bosh kitobim-posbonim manim,
Shundan obod yurtim, Vatanim,
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening.

Erkli elning erkli kitobi,
Taqdirimning nurli oftobi,
Onamdayin har bitta bobi,
Shundan jo‘shqin hofiz rubobi -
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening.

Bugun ravon men yurar yo‘lim,
Ilm olar qizimu o‘g‘lim,
Shukronada duogo‘y elim,
Ko‘ksimdadir doimo qo‘lim –
Quyosh kabi Qomusim mening
Erkim, baxtim, nomusim mening!

Farmon TOShEV.
2016 yil, 20 noyabr.