Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qonun hujjatlarining lingvistik ekspertizasi nima uchun kerak?

▶️ Qonun uslubi sodda va aniq, dabdaba va jimjimadorlikdan xoli bo‘lishi kerak;

▶️ Tushunchalar aniq bo‘lishi, har xil talqin qilish imkoniyatini istisno etishi lozim;

▶️  Qonunlarda real va dolzarb masalalarni ko‘tarish kerak, ramziylik va mavhumliklardan qochish zarur;

▶️ Qonunlar matni mantiq bo‘yicha mashqlar bo‘lmasligi, aqliy salohiyati o‘rtacha bo‘lgan odamlarga mumkin qadar tushunarli bo‘lishi lozim;

Xo‘sh, qonunlarimiz bu talablarga javob beradimi?

Qonun ijodkorligi ko‘p qirrali murakkab va mas’uliyatli jarayon bo‘lganligi sababli unda muayyan qat’iy tartib va talablarga, shuningdek, qonunchilik va  yuridik texnika talablariga og‘ishmay rioya etilishi lozim. Agarda qonunchilik texnikasi qonun yaratuvchi organga o‘z irodasini oqilona, mantiqan aniq, qat’iy ifodalar yordamida lo‘nda, qisqa va sodda bayon etish imkonini bersa, lingvistik ekspertiza qonun hujjatlari normalari ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘z davrida fransuz ma’rifatparvari va faylasufi Sh.Monteske qonun chiqaruvchi amal qilishi lozim bo‘lgan bir nechta qoidani ta’riflab bergan edi:

- qonun uslubi sodda va aniq, dabdaba va jimjimadorlikdan xoli bo‘lishi kerak;

- tushunchalar aniq bo‘lishi, har xil talqin qilish imkoniyatini istisno etishi lozim;

- qonunlarda real va dolzarb masalalarni ko‘tarish kerak, ramziylik va mavhumliklardan qochish zarur;

- qonunlar matni mantiq bo‘yicha mashqlar bo‘lmasligi, aqliy salohiyati o‘rtacha bo‘lgan odamlarga mumkin qadar tushunarli bo‘lishi lozim;

- qonunni ko‘p sonli istisnolar, cheklashlar va eslatmalar bilan qalashtirib tashlash yaramaydi;

- qonunlar puxta o‘ylangan, asoslangan va amaliyot uchun zarur bo‘lishi lozim.

Qonun hujjatlari mazmuni ta’sirini oshirish, qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi yuridik kuchni ta’minlash, mavjud ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda yuqoridagi tamoyillarga rioya etish, norma ijodkorligini takomillashtirishni talab etadi. Shunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustda “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish belgilandi.

 “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart, deb belgilangan. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik, korrupsiyaga qarshi ekspertizadan, shuningdek boshqa turdagi ekspertizalardan o‘tkazilishi mumkin.

Ekspertlar sifatida normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar jalb qilinadi. Ekspertiza o‘tkazish uchun olim va mutaxassislar, shu jumladan boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Ekspertlarning normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha xulosalari tavsiya xususiyatiga ega va ishlab chiquvchi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha lingvistik ekspertiza o‘tkazish, avvalo, qonunchilik tizimining mukammal, izchil, sifatli va samarali bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun tilining mukammalligiga erishish ekspertlik tahlil o‘tkazishning mezanizmi va sifatiga bog‘liq jarayondir.

Lingvistik ekspertiza orqali qonun loyihasi matni tuzilishi va uning mazmunidagi ayrim uslubiy, leksik, mantiqiy hamda grammatik xatolar bartaraf etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihalarining yuridik-lingvistik ekspertizasi matnning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Bugungi kunda lingvistik ekspertiza samaradorligini oshirish va uning qonun hujjatlari loyihalarining puxta va sifatli ishlab chiqilishini ta’minlashda quyidagi ayrim muammolarning yechimini topishga to‘g‘ri keladi:

- qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan lingvistik ekspertizani tashkil etish bo‘yicha vakolatli organni tashkil etish zarur. Chunki, bu turdagi ekspertiza yuqori malaka talab etadigan, so‘z va matn bo‘yicha mutaxassis, ayniqsa, mumtoz adabiyot va matnshunoslik bo‘yicha katta tajribaga ega shaxslar orqali o‘tkazilganda ijobiy natija berishi mumkin.

- bu soha bevosita tilshunos, filolog, mantshunos kabi kasb egalarining mehnatiga tayanadi. Prezidentimizning 2018 yil 8 avgustdagi PF-5505-son farmoni bilan tasdiqlangan “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi”ning uchinchi yo‘nalishida aynan ikki va undan ortiq tillarda tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari matnlarining o‘zaro muvofiqligini lingvistik ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlovchi organni belgilash vazifasi qo‘yilgan.

Xullas, keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar vakillarini o‘zida birlashtirgan bu organni tashkil etish dolzarb masala sifatida ko‘zga tashlanib turibdi. Davlat tilining keng joriy etilishi, qonunchilikka zamonaviy va ta’sirchan so‘zlarni olib kirish, tilni sog‘lomlashtirish, qonun hujjatlari matnidan keraksiz, tilimizga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan so‘zlarni chiqarib tashlash, qonunchilik imlo lug‘atini yaratish ham asosiy ishlarimizdan biri sifatida qoladi.

Gulnora Xudayberdiyeva,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.