Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qonunchilik palatasida yig‘ilishlar o‘tkazmaslikka qaror qilindi

Ayni paytda Hukumat tomonidan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Deputatlar ham ushbu sa’y-harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda tadbirlar o‘tkazilishini vaqtincha to‘xtatdi.

Qayd etish kerak, Qonunchilik palatasida ish to‘xtab qolgani yo‘q. Aksincha, faoliyat qizg‘in davom etyapti. Siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari, qo‘mitalar zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda mavjud qonun loyihalari ustida ishlayapti. Qonun loyihalaridagi ko‘p masalalar telegram kanali orqali onlayn muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, dolzarb qonun loyihalarining mazmun-mohiyati, ahamiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda deputatlar chiqishlari muntazam tashkil etilyapti.

Joriy yil 7 aprel kuni Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Quyi palata Kengashida ushbu yig‘ilishni hozirgi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar inobatga olingan holda, o‘tkazmaslikka qaror qilindi.

Shu bilan birga, har bitta fraksiyadan deputat imzosi bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga deputat so‘rovi jo‘natilmoqda.

Ayni paytda quyi palataga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar asosida vazirlikka savollar yo‘llanyapti. Masalan, hozirgi vaqtda ko‘p joylarda, ya’ni mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh bolasi bor xodimlarga kasallik varaqasi ochilishi tartibi, ularni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarib yuborishga yo‘l qo‘ymaslik (ayni paytda bu holat kuzatilayotgani achinarli), shuningdek, yosh bolali ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani kabi masalalar shular jumlasidan.

Deputatlarning qayd etishicha, fuqarolar hozirgi sharoitda ziyon ko‘rmasliklari, aksincha, ularning mehnatga oid huquqlari ta’minlanishi kerak.