Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qonunchilik palatasiga Oqdaryodan saylangan deputat: “Prezident topshirig‘i ijrosi kechikmoqda, bunga jim qarab turmaymiz”

Shu kunlarda parlament quyi palatasiga saylangan deputatlar joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Xo‘p, ular muayyan masalalarni ham hal etmoqdami? Yoki saylovchilar bilan muloqotlar tadbirbozlikka aylanib ketyaptimi?

Shu kabi savollar bilan viloyatimizdan Oliy Majlis Qonunchilik patalasiga saylangan deputatlarning bir nechtasiga murojaat qildik.

- Saylovchilar bilan oxirgi marta 1-2 fevral kunlari joyiga chiqib uchrashdim, - deydi 58-Oqdaryo okrugidan parlament quyi palatasiga saylangan deputat Erkin Salixov. - Uchrashuvda hokimiyat va mutasaddi tashkilot rahbarlari ham ishtirok etdi.

To‘g‘risi, saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalar ko‘p, ayrimlari masalan, tadbirkorlik uchun kreditlar ajratish va shunga o‘xshash mahalliy darajadagi muammolar hokimiyat tomonidan hal etiladigan bo‘ldi.

Yashirib nima qildim, aksariyat muammolar aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, bog‘cha va maktab uchun qo‘shimcha bino qurish bilan bog‘liq masalalar. Bu kabi ba’zi masalalar tegishli respublika tashkilotlari aralashuvini taqozo etadi. Shu bois, uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarni umumlashtirib, xat va so‘rovlar tayyorlayapman.

Muloqot jarayonida deputat ayrim muammoli masalalarni hal qilish vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq bo‘layotganini ham qayd etdi. Bunda deputat sifatida qat’iyat ko‘rsatayotganiga aniq misollar keltirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Oqdaryo tumanining Istiqlol mahallasi hududidagi Oqsilot, Sarka, Qorateri va Xayrbuvi qishloqlari aholisi Qoradaryo ustidan piyodalarga mo‘ljallangan ko‘prik qurilishida amaliy yordam so‘ragan.

Deputat o‘rganib ko‘rib, bu masala davlatimiz rahbarining 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ham ko‘tarilganini aniqlagan. Mazkur sanada Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida tegishli vazirliklarga masalani 2019 yil davlat dasturiga kiritib, amalga oshirishni ta’minlash topshirig‘i berilgan.

Deputat ushbu bayonni asos qilib, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Moliya vazirligiga so‘rov yuborgan. Taassufki, qo‘mita ham 2018 yilda davlat rahbari bergan topshiriqqa yuzaki yondashgan. Ya’ni, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bu borada tegishli loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgani va uning qiymati 5 milliard so‘mdan ko‘proq ekanligini bildirgan.

Javob xatlarida qo‘mita ham, Moliya vazirligi ham bu masala 2021 yilda Samarqand viloyatining mahalliy byudjeti va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishini bildirgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, belgilangan ishlar moliyalashtirish ishlari amalga oshirilgandan so‘ng pudratchi korxonalar tomonidan bosqichma-bosqich bajariladi.

- Saylovchilar bizdan kimga nima yozganimizni emas, aniq natija kutadi, - deydi E.Salixov. – Qolaversa, davlatimiz rahbari Murojaatnomada joriy yil respublika bo‘yicha 5 mingdan ortiq ko‘priklar ta’mirlanishi, buning uchun 400 milliard so‘m ajratilishini ta’kidlab o‘tgandi. Shu bois, 22 yanvar kuni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yana xat chiqardim. Unda okrugdagi bir nechta ta’mirtalab ko‘priklarni dasturga kiritishni so‘radim.

Yoqubjon Marqayev.