Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qoradaryo ko‘prigi qachon bitadi?

Samarqand shahrining Oqdaryo, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon tumanlari bilan bog‘lovchi asosiy yo‘li Qoradaryo daryosi ko‘prigi orqali o‘tadi. O‘tgan yilning iyul oyida mazkur ko‘prik biroz og‘ib, bir qismi cho‘kkan edi. Shundan buyon ko‘prikning bir tomonida transport vositalarining harakati cheklab qo‘yilgan.

Viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga qarashli viloyat ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi quruvchilari tomonidan hozirda ushbu yo‘lni kengaytirish maqsadida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Boshlanishida quruvchilar yaxshi ishlab, ko‘prikni ancha joyini bitkazib ham qo‘yishdi. Ammo keyingi kunlarda bu yerda ishlar susayib qoldi shekilli, qurilish oldinga siljimayapti?

- Loyihaga ko‘ra, 27 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan, - deydi viloyat ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Ahad O‘roqov. - Hozirgacha 14 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Kecha-kunduz ishlab temir-beton ustunlar, 36 tonnalik beton (balka) qoplamalarni o‘rnatdik, montaj ishlari amalga oshirildi. Hozirda ko‘prikning deyarli teng yarmi qurib bitkazildi. Ammo "Qo‘yliq ko‘priklar temirbeton qurilmalar tajriba zavodi" unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan temir-beton qoplamalar o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganligi sababli ishlar ancha sustlashib qoldi. Tez orada qolgan mablag‘ ham ajratilsa, yil oxirigacha yana 31 dona balka olib kelib ko‘prik qurilishini yakunlaymiz.

Dilmurod TO‘XTAYEV.

Husan ELTOYEV olgan suratlar.