Qoradaryoda 330 metrlik ko‘prik qurilyapti
Samarqand shahrini yangi qurilayotgan Shirin shaharchasi bilan bog‘laydigan Qoradaryo ustidagi ko‘prik qurilishi davom etmoqda. Uzunligi 330 metrni tashkil etuvchi mazkur ob’yektda ayni vaqtda o‘nlab maxsus texnikalarda ish olib borilmoqda.
- Ayni vaqtda 298 ta beton ustun 35 metr chuqurlikda o‘rnatib bo‘lindi,- deydi qurilish ishlarini olib boruvchi “1-Mostotryad” MChJ uchastka boshlig‘i Yusuf Mamarahimov. – Daryoning o‘ng qirg‘og‘ida tuproq tashish, burg‘ulash va beton quyish ishlari davom etmoqda. 120 nafar quruvchi-muhandis va ishchilar mehnat qilayotgan ko‘prik qurilishi 2022 yilda boshlangan.
Loyiha qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etuvchi ushbu ko‘prikda 4 ta asosiy yo‘llar quriladi. 2026 yil yakunigacha foydalanishi ko‘zda tutilgan ko‘prikning qurilish ishlariga hozirgacha qariyb 35 milliard so‘m sarflangan.
Shuningdek, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” Davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalistlar Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni, Panjakent ko‘chasidan M-37 avtomagistraligacha bo‘lgan 3,8 kilometr yo‘lni ta’mirlayotgan “New Tech-Samarqand” MChJ yo‘lsozlari ishi bilan ham tanishdilar.
- Hozirgacha yo‘lning 1 kilometr masofadagi ishlari yakuniga yetkazildi, - deydi korxona mutaxassisi Jamol Rahimov. – Eniga 14 metrni tashkil etuvchi ko‘chaning ikki chetida beton ariqlar tashlanib, qariyb 2 kilometr piyodalar va veloyo‘laklari qurilib, 50 ga yaqin tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Yo‘l yoqasidan o‘tgan tabiiy gaz, elektr energiya va kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq yangilandi.
Loyiha qiymati 57 milliard so‘m bo‘lgan mazkur ob’yektga piyodalar o‘tish joylari, svetofor, yo‘l belgilari va boshqa qurilmalar o‘rnatilib, o‘nlab gul butalari va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi. Toyloq, Urgut va Samarqand tumanlarini azim shahar bilan bog‘lovchi yo‘l joriy yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.