Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qorasuv arig‘i yoqasi chiqindilardan tozalandi

Bugun Zarnews.uz telegram kanalida Ishtixon tumani O‘rtaqishloq mahallasi hududidagi Yo‘g‘ontepa hamda Do‘sat qishloqlarini ajratib turuvchi Qorasuv arig‘i yoqasida qurilish va maishiy chiqindilar to‘plangani yuzasidan tanqidiy ma’lumot e’lon qilingandi.

Ushbu masala tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan joyida borib o‘rganildi. Manzilda ko‘rsatilgan hududga shu atrofda yashovchi fuqarolar tomonidan turli qurilish hamda maishiy chiqindilar tashlab ketilgani aniqlandi.

"Toza hudud" DUK tuman filialining maxsus texnikalarini jalb qilgan holda hududdagi chiqindilar olib chiqildi.

Kelajakda bunday holatlarning oldini olish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash va aholining ekologik madaniyatini yanada oshirish maqsadida Do‘sat qishlog‘i faollari va fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

T.HASANOV,

Ishtixon tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i.