Qo‘shma ta’lim dasturlari o‘zini oqlayaptimi?

Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalar o‘qishga qabul qilinmoqda.

Bunday dasturlarning ahamiyatli tomoni ikki davlat oliy ta’lim muassasalari bilim, ko‘nikma va tajribalarini o‘zaro almashadi. Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olgan talabalar ikki diplomli bo‘ladi. Bu talabalarga kelajakda ikki davlatda ham ishlash imkonini beradi.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2020 yildan buyon Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan. Bugun yuzlab o‘zbekistonlik talabalar ta’limning bir qismini Samarqandda, keyingi bosqichini esa xorijda davom ettirmoqda.

Jumladan, universitet Rossiyaning Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda stomotologiya (3+2), pediatriya (4+2) hamda davolash ishi (4+2) yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ushbu yo‘nalishlarda 166 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu yo‘nalishlar eng ko‘p talabalarni qamrab olgan dasturlar sirasiga kiradi.

- Men stomotologiya yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘qishga kirdim, - deydi Ma’mur Qalandarov. – Shartnomaga ko‘ra, birinchi va ikkinchi kursni Samarqand davlat tibbiyot universitetida, uchinchi va to‘rtinchi kursni Privoljsk tadqiqot tibbiyot universitetida o‘qidim. So‘ngra beshinchi kursni yana Samarqandda o‘qib, joriy yilning yozida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari diplomiga ega bo‘ldim. Kursimizda o‘ttiz nafarga yaqin talaba tahsil oldi. Deyarli barchamiz o‘qishni bitirdik. Bugun men o‘qishimni ordinaturada davom ettiryapman.

- Qo‘shma ta’lim dasturi asosida davolash ishi yo‘nalishida uch yil Samarqand davlat tibbiyot universitetida tahsil oldim, - deydi Istoda Asliddinova. – To‘rtinchi va beshinchi kursni Rossiya davlatida o‘qidim. Privoljsk tadqiqot tibbiyot universitetida biz o‘zbekistonlik talabalarga barcha qulayliklarga ega yotoqxona berishdi. Xorijda o‘qish bu yerda olgan bilimlarimizni yanada mustahkamladi, ko‘plab tajriba almashdik. Bugun oltinchi kursni yana Samarqandda davom ettiryapman. Nasib bo‘lsa, shu yil o‘qishni bitirib, magistraturaga kirishni rejalashtiryapman.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti Chuvash davlat universiteti bilan hamkorlikda klinik psixologiya (3+3), psixologiya (3+1) yo‘nalishida, Saratov davlat tibbiyot universiteti bilan farmatsiya (3+2) yo‘nalishida talabalarga ta’lim bermoqda.

Shuningdek, Polsha Respublikasi bilan ham hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, National Louis University bilan sog‘liqni saqlash menejmenti (3+1) yo‘nalishida, Pomeranian University in Slupsk bilan kosmetologiya (2+1) yo‘nalishida talabalar ta’lim olmoqda.

So‘nggi yillarda universitetda hamkorlik geografiyasi yanada kengaydi. Rossiyaning Altay davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya (3+2), Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti bilan davolash ishi (5+1) yo‘nalishlari ochilib, yuzlab talabalar qamrab olindi. Shuningdek, Shinjon tibbiyot universiteti bilan fundamental tibbiyot bakalavriat hamda xalq tabobati magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugun universitetda qo‘shma ta’lim dasturida 517 nafar bakalavriat, 50 nafar ordinatura, 2 nafar magistratura yo‘nalishida talabalar ta’lim olmoqda. 

Ikki davlat oliy ta’lim muassasasida o‘qish, ikki diplomga ega bo‘lish bu ko‘pchilik yoshlarning orzusi. Ammo, hamma oliy ta’lim muassasalarida ham qo‘shma ta’lim dasturlari maromida, silliq ketayotgani yo‘q. Ba’zi institutlarda hamkorlikda ochilgan yo‘nalishlar turli sabablarga ko‘ra yopilmoqda.

Samarqand davlat chet tillar institutida qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida Rossiya, Janubiy Koreya, Malayziya davlatlari oliy ta’lim muassasalari bilan 2019 yilda hamkorlik shartnomalari imzolangan. Hamkorlik shartnomalariga asosan 2020-2021 o‘quv yillarida institutga qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida talabalar o‘qishga qabul qilingan. Ammo, ba’zi hamkorlik shartnomalari omadsiz yakunlangan. Masalan, Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universitetining filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili) yo‘nalishida 2025 yilda 19 nafar talaba bitirgan. Hozirgi kunda institutning atigi 2 nafar talabasi 4-kursda o‘qimoqda. Rossiya-Ukraina urushi tufayli ushbu yo‘nalishga talabalar qabuli to‘xtatilgan.

Janubiy Koreyaning Sunchunyang universitetining filologiya va tillarni o‘qitish (koreys tili) yo‘nalishida 2024 yilda 2 nafar, 2025 yilda 23 nafar talaba bitirgan. Bugun mazkur universitetda 3 nafar talaba 4-kursda tahsil olyapti. Talabalarning viza olish, hujjatlarini to‘g‘irlash jarayonlari qiyinlashib ketgani bois institut Sunchunyang universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini yakunlagan.

2025 yilda Malayziyaning Malayziya shahar universiteti (Malaysia City university) filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishini 5 nafar, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (ingliz tili) yo‘nalishini 8 nafar talaba bitirgan. Ayni kunda mazkur universitet bilan ham hamkorlik aloqalari to‘xtatilgan. Sababi, Malayziya ta’lim dasturlarida o‘quvchi avval maktab, so‘ngra litsey ta’limini, ya’ni 12 yillik majburiy ta’limni olishi kerak ekan. Bizdagi majburiy ta’lim 11 yillik bo‘lganligi tufayli o‘rtadagi kelishuv to‘xtagan.

Institut Rossiyaning Altay davlat pedagogika universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlarida hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, bugungi kunda 19 nafar talaba filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili), 47 nafar talaba filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishlarida masofadan onlayn tarzda o‘qimoqda. Shuningdek, mazkur universitetni 2023 yilda 26 nafar, 2024 yilda 30 nafar, 2025 yilda 19 nafar talaba bitirgan.

Xullas, ushbu qo‘shma ta’lim dasturlari muvaffaqiyatsiz chiqdi. Qanchadan-qancha talaba viza ololmasdan yoki moliyaviy ahvoli to‘g‘ri kelmasdan xorijiy davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga borolmadi. Ba’zilari o‘qishini xususiy oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirdi, ammo shartnomada nazarda tutilmagani uchun xorijiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga borolmaganlarni institut o‘qishini davom ettirishga ruxsat bermadi. 

Omadsiz yakunlangan hamkorlik aloqalaridan so‘ng qo‘shma ta’lim dasturlari to‘xtab qolmadi. Institut boshqa hamkorlar bilan kelishuvga erishdi. Masalan, 2024 yildan Janubiy Koreyaning Visak universiteti (Woosuk university) bilan hamkorlikda filologiya va tillarni o‘qitish (koreys tili) ta’lim yo‘nalishiga 11 nafar, 2025 yilda 10 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Ular ikki yil Samarqand davlat chet tillar institutida o‘qisa, qolgan ikki yilini Visak universitetida davom ettiradi.

Shuningdek, institut 2024 yildan Janubiy Koreyaning Xalqaro Til o‘qitish oliy maktabi (International Graduate School of Language Education) bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ikki yo‘nalishda magistraturaga 9 nafar, 2025 yilda 11 nafar talaba qabul qildi.

Bugun institutda qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 1-kurs bakalavriatda 34 nafar, magistraturada 21 nafar, 2-kurs bakalavriatda 30 nafar, jami 85 nafar talaba tahsil olmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Xalqimizda “Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozi”, degan gap bor. Avvalo, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilishdan oldin, o‘sha davlatning yashash sharoiti, iqtisodi hisobga olinishi kerak. Yashash sharoiti yuqori bo‘lgan davlatga viza to‘g‘irlab borish bir mashaqqat bo‘lsa, u yerda yashash yana bir mashaqqat. Shuning uchun Janubiy Koreyaga o‘qishga borgan yoshlarning deyarli 100 foizi ham o‘qib, ham ishlashga majbur. Ularning ko‘pchiligi o‘qish uchun borib, xorijda ishlab qolyapti, ya’ni o‘qishini davom ettirmayapti. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalari talabalarning viza olish jarayonlariga ko‘maklashishi, iloji boricha grant asosida o‘qishga qabul qilish choralarini ko‘rishi kerak. Yoki yashash sharoiti biznikiga yaqin bo‘lgan davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish lozim.

Alal-oqibat o‘qish xarajatlari cho‘ntak ko‘tarmaganligi bois ko‘plab institutlarda ochilgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosidagi yo‘nalishlar yopilib ketyapti, ya’ni o‘zini oqlay olmayapti.

Xurshida ERNAZAROVA.