Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shni davlatlarda liftchilar 1000 dollargacha oylik oladi, bizda esa 100-150 dollarga teng miqdordagi maosh beriladi. Nega?

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Samarqand shahrida Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlari uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Ta’kidlanishicha, kommunal soha xodimlarining ellik foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi.
Uchrashuvda yoshlar sohadagi muammolar yuzasidan dadil fikrlarini, takliflarini bildirdi.

– Bizda oliy ma’lumotli liftchilar yo‘q, – dedi Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Husniddin Shodiyev. – Oliy o‘quv yurtlarida oliy ma’lumotli lift mutaxassislarini tayorlashni taklif qilaman. Sovet zamonidan qolgan liftlarni bir iloj qilib ishlatyapmiz, ammo zamonaviy elektron liftlarni boshqarishni bilish uchun ilmli, malakali liftchilar kerak. Buning uchun liftchilarning maoshlarini ham ko‘tarish kerak. Qo‘shni davlatlarda 1000 dollargacha oylik oladi, bizda esa liftchilarga 100-150 dollarga teng miqdordagi maosh beriladi.

Navoiylik yoshlar shirkatlar va ulardagi shtat birliklari haqida savol berdi.
– Endi shirkatlar bo‘lmaydi, uning o‘rniga professional boshqaruv tashkilotlari orqali boshqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – dedi vazir. – Bitta shirkat 2-3 ta uyga xizmat qilgan bo‘lsa, bitta professional boshqaruv tashkiloti mingta uyga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida faol yoshlardan bir guruhiga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashakkurnomasi va sovg‘alar topshirildi.