Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shnilarning yerlari o‘z joyida, biroq biri ikkinchisining huquqini buzmasligi zarur

Yaqinda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi apellyasiya instansiyasida bulung‘urlik ikki qo‘shnining yer maydoni bo‘yicha nizoli ishi ko‘rib chiqildi.

Sud ishi hujjatlarida qayd qilinishicha T.Karimov (ism-familiyalar shartli) o‘ziga tegishli yer maydonidan U.Hamidovni chiqarishni, u qurgan ikki qavatli binoning o‘zining yeriga qaratib o‘rnatilgan eshik va romlarni yoptirishni so‘rab, da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Shuningdek, murojaatda qo‘shnisining tomidan tushadigan oqova suvlarini boshqa tomonga yo‘naltirishni, qo‘shnisiga o‘ziga tegishli 0,25 gektar yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklashni so‘ralgan. Bundan tashqari, qo‘shnisi o‘rnatgan devor to‘siqlari va qurilish materiallarini oldirib tashlashni da’vo qilgan.

Arxitektura bo‘limi xulosasiga ko‘ra, tuman hokimining 2007 yil 16 fevraldagi qaroriga asosan qayd qilingan 0,25 gektar yer maydoni T.Karimovga xususiy mablag‘lari hisobidan savdo markazi qurish va obodonlashtirish ishlarini olib borish majburiyati bilan ijara shartlari asosida vaqtinchalik foydalanish uchun berilgan.

Tuman hokimining 2012 yil 1 avgustdagi qarori bilan esa aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo markazi, gipoxlorid natriy ishlab chiqarish, gazlangan va gazlanmagan mineral suv quyish sexi binosini 2013 yilning 1 sentyabrga qadar qurib, foydalanishga topshirish sharti bilan doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirilgan.

Birinchi instansiya sudi U.Hamidovni T.Karimovga tegishli yer maydonidan chiqarishga qaror qilgan. Shuningdek, javobgarga da’vogarga o‘zining yerida qurilish ishlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyati yuklanib, uning yerida o‘rnatgan devor to‘siqlar va qurilish materiallarini olish hamda oqova suvlarini boshqa tomonga yo‘naltirish majburiyati yuklatilgan. Bundan tashqari, da’voning U.Hamidov tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 10 metr kvadrat yer maydonini T.Karimovga olib berish qismi qanoatlantirilgan.

Hal qiluv qaroriga nisbatan U.Hamidov keltirgan apellyasiya shikoyatida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish so‘ralgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati tomonidan sayyor sud majlisida nizoli joy ko‘zdan kechirilib, mutaxassis ishtirokida o‘lchov ishlari amalga oshirilgan. Aniqlanishicha, taraflarga ajratilgan yer maydoni yonma-yon joylashgan. U.Hamidov tomonidan qurilgan bino va uning beton yo‘lagi (trotuar) o‘ziga tegishli yer maydonida joylashgan, biroq mazkur binoning tom qismidan keladigan oqova suvlar T.Karimovga tegishli yer maydoniga tushadi. Bundan tashqari, U.Hamidov T.Karimovga ajratilgan yer maydonida devor to‘siqlar qurgan va qurilish materiallari saqlab kelayotganligi aniqlandi.

Shu bois, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi apellyasiya instansiyasida T.Karimov qilayotgan da’vo talablarining o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 10 metr yer maydonini olib berish qismi rad qilindi.

Husen Akobirov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha

viloyat sudi katta mutaxassisi.