Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda hali raqam olishga muddati tugamagan mashinaning jarima qilinishi bo‘yicha IIB munosabat bildirdi

Zarnews.uz saytida “Qo‘shrabotda aholiga un olib borgan yangi mashina hali raqami olishga muddati bo‘lishiga qaramasdan jarima maydonchasiga qo‘yilganligi aytilmoqda” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi.

Viloyat IIB axborot xizmatiga ko‘ra, yuqoridagi mashina boshqa sabab bilan jarima maydonchasiga olingan.

"2021 yil 14 dekabr kuni soat 15.30 da Qo‘shrabot tumani “Buloqboshi” mahallasida yashovchi fuqaro O.Murtozayev Qo‘shrabot tumanida joylashgan “Ozod oltinlari” MChJga tegishli bo‘lgan “Hawo” rusumli yuk avtomashinani Narpay tumani hududida boshqarib ketayotgan vaqtida Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-YPX otryadi xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda haydovchi mashinani tegishli yo‘l varaqasisiz boshqarganligi aniqlangan.

Haydovchiga nisbatan “planshet” moslamasi yordamida elektron ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan hamda transport vositasi tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ushbu yuk avtomashinasi YPX inspektori tomonidan to‘xtatilgan vaqtida, avtomashinaning yukxonasida hech qanday yuk bo‘lmagan", deyilmoqda IIB izohida.