Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda haliyam qulupnay pishyapti

Ochig‘i, qulupnayni ko‘proq aprel-may oyida, keyin esa avgustda tanovul qilishga odatlanganmiz. Chunki ochiq maydonda qulupnay yetishtirish shu vaqtga to‘g‘ri keladi-da. Lekin Qo‘shrabotda oktyabr-noyabrda ham bu mevani yetishtirish yo‘lga qo‘yilibdi. Quyida shu haqda ma’lumot beramiz.

Qo‘shrabotda tumani nomi bilan ataluvchi mahalladagi 89-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Buvrama Qodirova ishdan bo‘sh vaqtlarida tomorqachilik bilan shug‘ullanadi. U 1 sotix yerda ismaloq, 2 sotix maydonda qulupnay yetishtirib, oilasiga mo‘maygina daromad keltiryapti.
- Talabalik davrimda dialektologiya bo‘yicha amaliyot o‘tash uchun Kattaqo‘rg‘on tumaniga borib, qulupnay yetishtirayotgan tomorqachilarga havas qilganman, - deydi u. – Uni o‘zimizda ham yetishtirib, ko‘paytirishni reja qilgandim. Ko‘pchilik “Qo‘shrabotda qulupnay yetishtirib bo‘lmaydi”, derdi.

Maqsad qat’iy bo‘lsa uddalasa bo‘larkan. 4 yildan beri qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanyapman. Birinchi yil 50 ming so‘mga 200 tup ko‘chat keltirib, ozgina joyga ekdim. Keyin sekin-astu ko‘paytirib, shu yil 2 sotix yerda qulupnay yetishtirdim. Bahordan shu paytga qadar 500 kilogramdan ko‘proq hosil olib, bozorga sotdim. 10 million so‘m daromad qildim. Havo salqin bo‘lishiga qaramay shu paytgacha qulupnay pishishda davom etyapti. Har kuni maktabdan kelib, tomorqada mehnat qilamiz. Hovlimiz qirlikda joylashgan bo‘lsa ham yaxshi hosil olishga harakat qilyapmiz.

Kelgusida rejalarimiz katta. Tuman hokimligiga murojaat qildik. Agar tekisroq yerdan 2 gektar yer maydoni ajratilsa, qulupnayning yangi navlaridan keltirib, ekamiz. Shuningdek, murabbo sexi ham tashkil etishni niyat qilganmiz.

To‘lqin SIDDIQOV.