Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda O‘zbekiston konchilik sanoati tarixida ilk marotaba shaxta chuqurligi 1 000 metrga yetdi

Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan “Zarmitan” sanoat maydonida qazish ishlari olib borilayotgan “Skip” va “Klet” harakatlanadigan shaxtaning chuqurligi 1 000 metrga yetdi. Bu haqda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ axborot xizmati zarnews.uz’ga xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan Zarmitanda anjuman o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, Chexiyaning “Mine Construction Alliance s.r.o.” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilgan ikki yillik mehnat natijasida O‘zbekiston konchilik sanoati tarixida ilk marotaba texnik jihatdan nihoyatda murakkab hisoblangan shaxta chuqurligi 1000 metrga, diametri 6,5 metrga yetdi.

Ayni paytda keyingi bosqichdagi ishlar davom ettirilmoqda. Loyihani 2023 yil mart oyida to‘liq yakunlash rejalashtirilgan. Bu kelgusida yer qa’ridan har yili 850 ming tonna ma’danni yer yuzasigacha chiqarish imkonini beradi va ma’dan qayta ishlash uchun 4-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib beriladi.

Tadbirda shaxtani qazish ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh ishchi-xodimlarga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ma’muriyati tomonidan “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Q.Sanaqulov, Qo‘shrabot tumani hokimi D.Shakarboyev, kombinat va Janubiy kon boshqarmasi rahbar-xodimlari, “Mine Construction Alliance s.r.o.” kompaniyasi va OAV vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “NKMK” AJ axborot xizmati.