Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qurilish inshootlari, xususan, ko‘p qavatli uylar, ulardagi sifatni kim, qachon va qanday nazorat qiladi?

Turkiyada kuzatilgan tabiiy ofat albatta, barchamizni chuqur qayg‘uga soldi. To‘g‘ri, nafaqat turklar, balki ularga qo‘shni o‘lka Suriyaga ham qo‘ldan kelgancha insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi. Ammo oldimizda yana bir muhim masala borki, uni aslo yoddan chiqarib bo‘lmaydi. Bu - qurilish sohasi, unda korrupsion holatlarga barham berish hamda tiklanayotgan bino-inshootlarning standartlarga javob berishi, sifatli bo‘lishini ta’minlash.

Mavjud standartlar va qonunchilikka to‘la rioya qilinishi, sifat masalasida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmasligi faqat vakolatli organlarga qarab qolmayaptimi?

 Mavjud holat quvonarli emas...

Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ayrim xodimlari “insofsiz” tadbirkorlar bilan til biriktirishi oqibatida qurilishi yakunlanmagan yoki sifatsiz, shaharsozlik normalariga javob bermaydigan ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga qabul qilish holatlari ham ming afsuski uchrab turibdi.

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining 81-sessiyasida viloyat prokurori aniq fakt va raqamlarni keltirib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning iyul-sentyabr oylarida viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Alimov o‘z mansab vakolatlarini qasddan suiiste’mol qilib, hali qurilish ishlari to‘liq tugallanmagan Narpay tumani Islom shoir mahallasidagi  5 qavatli, Past Darg‘om tumani Go‘zalkent mahallasidagi 3 ta 5 qavatli turar joy binolarini;

Inspeksiyaga 2020 yil oktyabridan – 2022 yil mart oyiga qadar rahbarlik qilgan Jabborov Kattaqo‘rg‘on shahri Beklar ko‘chasi 26-A-manzildagi 7 qavatli, Samarqand shahri Sartepo maskani Turkiston ko‘chasi 148-V-manzildagi 4 qavatli “Ekobozor va savdo majmuasi”ni hamda Firdavsiy ko‘chasi 81-manzildagi 3 ta blokdan iborat 5 qavatli turar joy binolarining qurilish ishlari yuzasidan shaharsozlik va loyiha hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, ob’yektlarni qonunga zid ekanligini bila turib, foydalanishga qabul qilgan.

Demak, hali to‘liq hujjatlashtirilmagan, balki bitmagandir ham, uyni foydalanishga qabul qilavergan. Tabiiy savol tug‘iladi, bunday holatda uning sifati tegishli standartlarga javob berishi tekshirilganiga ishonish mumkinmi?

 Sergak tortishimiz shart

Qurilish sohasidagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 2022 yilda 500 ga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, mas’ullarning 302 nafari ma’muriy va intizomiy javobgarlikga tortilgan. Bundan tashqari, 304 nafari rasman ogohlantirilib, noqonuniy qurilishlarni buzdirish haqida sudlarga 19 ta da’vo arizalari kiritilgan hamda qo‘pol qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 23 ta (zarar miqdori 7,7 mlrd. so‘m) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur raqamning o‘ziyoq sohada tartib-intizomni yanada kuchaytirish, qurilishlar sifatiga alohida e’tibor qaratishni talab etmayaptimi?

Bundan tashqari, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qurilish qoida va me’yorlariga ham amal qilinmayotgani qayd etilgan. Xususan, “Samarqand Sokol Stroy” MChJ rahbari Karimov va boshqalar Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘oni, 29-dahadan ajratilgan 71,6 kv.metr yer maydonida 3 qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosini o‘rniga shahar hokimligi zaxirasi hisobida bo‘lgan 180,4 kv.metr yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, jami 252 kv.m. maydonda loyiha smeta hujjatlarisiz, noqonuniy ravishda 5 qavatli uy-joy binosini qurgan.

Binoning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qavatlarida foydali maydonni kengaytirishni ko‘zlab, qurilish qoidalariga zid ravishda 4 dona ustun (kolonna) va to‘sin (rigel)lar qurilmaganligi aniqlanib, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda qurilish to‘xtatilib, binoni majburiy tartibda buzdirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan.

Bunday sharoitda ko‘p qavatli uy-joy binolari qurilish qoida va me’yorlariga zid ravishda barpo etilayotganligi, albatta hammani birdek tashvishga solishi lozim.

 Nazorat qanday o‘rnatilgan?

Rost, davlat dasturlari asosida barpo etilayotgan ob’yektlar bo‘yicha nazorat o‘rnatish yetarli darajada ta’minlangan. Masalan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi, mahalla faollari va OAV dasturlar va loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati, sifati hamda ko‘lami ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, unda aniqlangan kamchiliklar haqida davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shtablarga ma’lumot taqdim etishi lozim.

Lekin tijoriy asosda tiklanayotgan ob’yektlar, masalan, ko‘p qavatli uylar-chi, ulardagi sifatni kim, qachon va qanday nazorat qiladi?Albatta, bu borada ham muayyan davlat idoralariga maxsus vakolatlar berilgan. Ammo yuqorida guvohi bo‘lganingizdek, korrupsion holatlar yoki o‘zibo‘larchilik ortidan tijoriy bino-inshootlarda sifat va qonun-qoida masalasi ikkilamchi bo‘lib qolmoqda.

Bu o‘rinda asosiy muammo jamoatchilik nazoratining yetarli emasligida emasmikan?

Yashirib nima qildik, qurilish sohasida jamoatchilik nazorati juda sust, hatto yo‘q hisobi. Bundan bir yoki ikki yil avval bir guruh deputatlar sohada faoliyat olib borayotganlar uchun yaratilgan sharoitlarni monitoring qilgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Keyinroq deputat tashabbusi bilan qurilishi mahsulotlari – qum, tosh-shahar tashiyotgan yuk mashinalarining atrof-muhitga zarar yetkazmasligi uchun ustini yopib yurishi belgilangandi. Biroq yaqin vaqtlar ichida qurilish sifati yoki bu boradagi qonun-qoidalar ijrosi o‘rganilganini hech kim bilmasa kerak.

 Jamoatchilik ekspertizasi kerak

To‘g‘ri, amalda turli jamoatchilik eshituvlari tashkil qilinyapti. Hisobotlar tinglanyapti. Lekin Turkiya misolida bugungi voqelik mazkur yo‘nalish bo‘yicha amalda qilinadigan ishlarimiz ko‘p ekanligidan dalolat bermoqda.

2018 yilda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Qonunda 8 ta shaklda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha huquq berilgan: masalan, davlat organlariga so‘rov yuborish, davlat organlarining ochiq hay’atlarda ishtirok etish, jamoatchilik muhokamasini, jamoatchilik eshituvini va jamoatchilik monitoringi tashkil etish, jamoatchilik ekspertizasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining hisobotlarini eshitib borish.

Nazarimda, ayni qurilish sohasida jamoatchilik ekspertizasi mutlaqo hayotga joriy etilmayapti. Albatta, bu amaliyotni yo‘l qo‘yish mavridi keldi. Bu orqali, avvalo, jamoatchilik faollarini yanada jonlantirish, eng muhimi, qurilish ishlaridan ko‘nglimiz to‘lib, xotirjam yurishimiz mumkin.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 13 dekabr kuni “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni ham imzolagan edi.

Bundan tashqari, davlat rahbarining “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mavjud.

Xullas, kuchli jamoatchilik nazorati, jumladan, jamoatchilik ekspertizasini yo‘lga qo‘yish uchun barcha qonuniy asoslar bor. Gap faqat undan foydalanishda qolmoqda. Unutmang, kuchli zilzila davrida ham Turkiya Respublikasida biron talofat ko‘rmagan hudud faqat qonun-qoidalarga amalga qilgani uchun shunday natijaga erishdi.

Elyor Hamroyev,

“Yuksalish” UMH viloyat bo‘limi rahbari, viloyat Kengashi deputati.