Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qurilish uchun yer ajratishda nega tartib yo‘q?

Samarqand viloyati hokimligida tuman (shahar)larda yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun yer maydonlari ajratishda mavjud qonunchilik talablariga nechog‘li rioya etilayotganligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Uni viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

Ta’kidlandiki, bu boradagi ahvol tahlil qilinganda haqiqiy holat talabga javob bermasligi aniqlangan. Bunga asosiy sabab - shahar va tuman hokimlari hamda hokimliklar huzuridagi yer uchastkalarini egalik kilishga, foydalanishga, ijaraga berish va mulk kilib berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya a’zolari tadbirkorlik ob’yektlari qurilishi uchun yer uchastkalari ajratish tartibini mukammal bilmaydi. Shu bilan birga Yer kodeksining 34-moddasiga ko‘ra, ushbu komissiyalar tarkibiga kiritilishi belgilangan davlat organlari vakillari noto‘g‘ri shakllantirilgan.

Eng yomoni, tashabbuskorlar tomonidan ajratilishi so‘ralgan yer maydonini komissiya a’zolari joyiga chiqmagan holda, tanlanayotgan hududni atroflicha o‘rganmasdan, komissiya raisi va a’zolari ishtirokida muhokama qilmasdan xulosa berish, shuningdek, tadbirkor tomonidan yer tanlash hujjatlarini u tashkilotdan bu tashkilotga sarson bo‘lib, komissiya a’zolarining ish joylariga borib, imzolarini yig‘ish kabi salbiy holatlar uchramokda. Bu borada, hatto, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Oqibatda davlat yoki jamoat ehtiyoji uchungina berilishi kerak bo‘lgan yerlar, suvli maydonlar tadbirkorlarga qurilish uchun ajratilish holatlari kuzatilmoqda.

Masalan, Toyloq tumanida “Dehnov beton JBZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga baliqchilik tashkil etish, temirbeton ishlab chiqarish va toshni qayta ishlash sexi qurilishi uchun 5 gektar, Past Darg‘om tumanida tadbirkor Shomurod Hayitovga non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurilishi uchun 0,06 gektar yer maydoni ajratishda shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda viloyat hokimi bu muammolarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagi tizimda ish yuritilishi zarurligini ta’kidladi:

Birinchidan, viloyat adliya, yer resurslari va davlat kadastri, qurilish bosh boshqarmalari mutaxassislari ishtirokida joylarda tadbirkorlarga yer maydoni ajratish tartibini belgilovchi qonun va qonunosti hujjatlarning mazmuni-mohiyatini komissiya a’zolari va aholiga keng tushuntirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazsin.

Ikkinchidan, barcha shahar va tumanlar hokimlariga Yer kodeksining 34-moddasiga asosan hokimlik huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya tarkibini qayta tuzishi zarur. Komissiya raisi esa shaxsan tuman, shahar hokimi bo‘lishi shart.

Uchinchidan, komissiya a’zolari tashabbuskorlar tomonidan qurilish uchun ajratilishi so‘ralgan yer maydonini joyiga chiqib, hududni atroflicha o‘rganib chiqishi va natijasi bo‘yicha hujjatlarni Shaharsozlik kengashiga yuboradi. Shaharsozlik kengashi ma’qullagan takliflar har haftaning ma’lum bir kuni muntazam ravishda o‘tkaziladigan komissiya yig‘ilishida muhokama qilinadi, dalolatnoma imzolanadi. Tadbirkorni qo‘liga dalolatnomani berib “Imzoni yig‘”, degan ko‘rsatmalarga chek qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, qurilish maqsadlari uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari tanlash lozim. Hududlardagi bo‘sh turgan bino va inshootlar, ularning foydalanishidagi bo‘sh yer maydonlari, ilgari ajratilgan, lekin bugungi kungacha samarali foydalanilmasdan turgan bo‘sh yer maydonlarini aniqlash va hokimlik zaxirasiga olish va ushbu yer maydonlarini qurilish uchun ajratish hisobiga sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratilishiga chek qo‘yiladi.

Beshinchidan, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan qurilish maqsadlari uchun ajratish zarur bo‘lgan hollarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining xulosalari olinib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgandan so‘ng, viloyat hokimligi tomonidan qaror qabul qilinishi yuzasidan belgilangan tartibga qat’iy amal qilinadi.

Oltinchidan, bundan keyin viloyatda qurilish maqsadlari uchun yer maydonlari tanlash va ajratish bilan bog‘liq shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish masalalari bilan bitta malakali mutaxassis shug‘ullanadi. Bu ishga viloyat qurilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sayfiddin Narziqulovni mas’ul etib belgiladik hamda viloyat hokimligida alohida xona ajratildi.  S.Narziqulovning ish telefon raqami – (0366) 235 59 66. Tadbirkorlarda qurilish maqsadlari uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq savollar bo‘lsa, ushbu telefon orqali murojaat qilishlari mumkin.

Yig‘ilish so‘ngida E.Turdimov berilgan topshiriqlar ijrosini bajarmagan, tadbirkorlarning ovoragarchiligiga va qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishini alohida ta’kidladi.