Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Quyi Xo‘jasoatda ishsiz xotin-qizlarga 120 million so‘mlik imtiyozli kredit rasmiylashtirildi, 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi

Davlatimiz rahbarining ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbusi ilgari surilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Xo‘sh, ushbu tashabbuslar amaliyotga qanday joriy etilmoqda.

Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu borada hududdagi 4 sektorda bittadan mahalla namuna qilib olingan.

Xususan, birinchi sektorda uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan Quyi Xo‘jasoat mahalla fuqarolar yig‘inida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, birinchi tashabbus bo‘yicha 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ashula, rubob va doira to‘garaklari tashkil etilgan. Ayni paytda to‘garaklarda musiqa va san’at maktablarining o‘qituvchilari o‘quvchi-yoshlarga saboq bermoqda.

Mahalla hududida joylashgan 2 ta sport inshootida yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Sport zalida yoshlar uchun stol tennisi va shaxmat-shashka musobaqasi o‘tkazilib, faxriylar ishtirokida dzyudo kurashi bo‘yicha mahorat saboqlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, sportning ommaviyligini oshirish uchun yurish marafoni hamda velopoyga o‘tkazilgan.

Uchinchi tashabbus doirasida 72-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarning kompyuter savodxonligini oshirish uchun tashkil etilgan to‘garakda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ularning farzandlari bepul o‘qitilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand shahar Kengashi tomonidan mahallada tashkil etilgan ko‘chma kutubxona mutolaaga qiziquvchilar soni ortishiga xizmat qilish barobarida kitobxonlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratgan.

Shuningdek, mahallada 6 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuvchilik, sartaroshlik yo‘nalishlari bo‘yicha 120 million so‘mlik imtiyozli kredit rasmiylashtirilib, 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.