Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Raddiya bildirishdan oldin e’tiborli bo‘lish hamda vaziyatga aniqlik kiritish lozim

2019 yilning 24 oktyabr kuni Zarnews.uz saytida «Samarqand tumanidagi elektr ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslarining firibgarligi fosh qilindi» (22 oktyabrda) maqolasiga «Samarqand hududiy elektr ta’minoti korxonasi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori U.Jo‘rayevning «MIB Samarqand viloyati boshqarmasi nohaq(mi)?» sarlavhali raddiyasi ko‘rib chiqildi.

Raddiyada «Ushbu axborot mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Samarqand tumani «Do‘stlik» elektr ta’minoti korxonasining sobiq xodimi Rifat ismli shaxs 2018 yil 22 fevralda ishdan bo‘shatilganligi sababli bugungi kunda ushbu korxonada ishlamaydi. Bundan tashqari, axborotda ko‘rsatilgan voqea 2015 yil fevral oyida yuz bergan va hozirgi kunda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan» deb ko‘rsatilgan.

Viloyat miqyosidagi tashkilot rahbariga ushbu «raddiya»ni imzoga taqdim qilgan qo‘l ostidagi mas’ul xodimlar mavjud holatga to‘liq aniqlik kiritmasdan, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan, deb hisoblaymiz.

Haqiqatda, Samarqand tumani, «Quyi Turkman» mahallasida yashovchi fuqaro M.Tursunova hamda «Doniyor Plast Polimer» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.Baxronovlarning arizalari asosida Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi tomonidan 2019 yil 16 oktyabr kuni «Do‘stlik» elektr ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan Rifat ismli shaxs 2012 yildan 2018 yil fevral oyiga qadar «Do‘stlik» elektr ta’minoti korxonasining nazoratchi-elektromontyori vazifasida ishlab kelgan va muqaddam ham o‘z vazifasi bilan bog‘liq holda sodir etgan mansab soxtakorligi va o‘zganing mulkini talon-toroj qilganligi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi tomonidan ikki marotaba sudlangan. Sud hukmiga ko‘ra, mansabdlorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash ta’qiqlanganligi sababli u egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, «Samarqand hududiy elektr ta’minoti korxonasi» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi «Janubiy-g‘arbiy magistral elektr tarmoqlari» korxonasiga qorovul vazifasiga o‘tkazilib qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs 2015 yilning aprel oyida Samarqand tumani Quyi Turkman mahallasida yashovchi fuqaro M.Tursunovaning uyiga borib, uning ishonchiga kirgan va xonadonidagi elektr hisoblagichi kuyib qolganligini ro‘kach qilgan. Hisoblagichni yangisiga almashtirishni hamda o‘rnatib berishni va’da qilib, undan 200 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Jinoiy javobgarlikka tortilib, lavozimidan ozod qilinganidan so‘ng ham u o‘zining firibgarlik harakatlarini davom ettirgan. Ya’ni, 2018 yilning iyun oyida uning «Do‘stlik» elektr ta’minoti korxonasidan ishdan ketganligidan xabari bo‘lmagan fuqaro M.Tursunovaning uyiga takroran borib, undan yana 400 ming so‘m pul mablag‘lari berishini talab qilgan va 50 AQSh dollari miqdoridagi pullarni aldash yo‘li bilan egallagan hamda o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Maqolada ko‘rsatilgan holatdan tashqari, boshqa holat ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligiga asos bo‘lganligi aks ettirilgan. Biroq raddiyada ikkinchi holat bo‘yicha biror izoh berilmagan.

Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari  davom etmoqda. Ushbu jinoyalarga «Do‘stlik» elektr ta’minoti korxonasining boshqa mansabdor va mas’ul shaxslarining aloqadorligi hamda boshqa holatlar tekshirilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.