Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rahmdillik aql-idrokni talab qiladi

Mabodo rahmdil odamni sodda, deb o‘ylasangiz adashasiz. Mutaxassislarning fikricha, rahmdillik yuksak aql-idrok nishonasidir. Boshqacha qilib aytganda, rahmdil inson – aqliy jihatdan yetuk inson ekan.

Neyrobiolog Richard Devidson “yaxshilik - sog‘lom miyaning asosi”, deydi. U rahmdillik nafaqat o‘zi haqida, balki boshqalar haqida ham o‘ylash qobiliyatini talab qilishini tushuntiradi. Oxir-oqibat aql - bilim va ko‘nikmalarni egallash va qo‘llash qobiliyati, deb ta’riflanadi. Ya’ni, aqlli bo‘lish shunchaki, tasodifiy faktlarni eslab qolishnigina emas, balki o‘z bilimingizni kundalik hayotda qo‘llash zarurligini belgilaydi.

Xudbinlik, xusumat va atrofdagilarni pisand qilmaslik uchun ko‘p ham aql ishlatish kerak emas. Boshqalar uchun qanday oqibatlar keltirishini o‘ylamasdan, xohlagan ishni qilish juda oson. Bakteriya va viruslar ham shu yo‘lni ko‘rishadi. Negaki, ularda miya yo‘q-da. Hatto o‘zining tashuvchisini o‘ldirsa ham ular faqat o‘zining ko‘payishini biladi, xolos.

Muloyim odamlar ko‘pincha shaxsiy qurbonliklari evaziga yaxshi ishlar qilishadi. Ular o‘zlarining vaqti, puli, imkoniyatini boshqalardan qizg‘anmaydi. Yaxshi ishlari nafaqat ularning yon-atrofini, balki butun dunyoni boyitishini biladi.

Devidson rahmdil insonlar aqlliroq ekanligini isbotlagan yagona mutaxassis emas. Yana boshqa ko‘pgina o‘rganishlar xulosasi darg‘azab insonlarning aqliy jihatdan pastligini ko‘rsatdi. Masalan, Kanadada o‘tkazilgan bir tadqiqotda irqchilik va xurofotga duchor bo‘lgan odamlarning intellekt darajasi (IQ) xushfe’l insonlarga qaraganda past ekanligi aniqlandi. Aslida bu tadqiqot siyosiy qarashlar sabablarini o‘rganish uchun qilingan edi. Natijasi esa muammoning har ikki tomoniga oydinlik kiritdi. Gap shundaki, irqchilik va xurofotga moyillik ko‘pincha o‘zgarishlarga moslasha olmaslikdan kelib chiqadi va bu aql pastligining yana bir dalolatidir.

“Aql-idrok - o‘zgarishlarga moslashish qobiliyatini belgilaydi”. Ushbu iborani buyuk olim, nazariyachi fizik Stiven Xoking ta’kidlagan deb aytishadi va bu mantiqqa yaqin, juda to‘g‘ri. O‘zgarishlarni qabul qilish qobiliyati aqliy kuch talab qilar ekan.

O‘zgarishlar bizga nima uchun kerakligini avvalo, tushunib olishimiz kerak. Keyin esa hayot to‘g‘risidagi eskirgan fikrlardan voz kechib va nihoyat bizni qo‘rqitayotgan o‘zgarishlar hayotimizni, atrof-muhitni biroz bo‘lsa-da, yaxshi tomonga burayotganini anglab yetamiz.

Adolat bilan aytish kerak, ba’zi tadqoqotlar intellekt darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan odamlar orasida bir qator yoqimli bo‘lmagan xususiyatlar ham borligini aniqladi. Bunday odamlar takabburlik va manmanlik qilib, o‘zidagi kamchiliklarni sezmaydi. Bu xususiyatlar albatta, rahmdillik bilan bog‘liq emas.

Boshqa odamlarning ichki dunyosini ongli ravishda anglash maqsadida Daniya maktablarida matematika va o‘qish bilan bir qatorda, empatiya darsi joriy qilinib, haftada bir soat bolalarni mehribon, rahmdil bo‘lishga o‘rgatishadi. Empatiya birinchi navbatda, boshqa odamning his-tuyg‘ularini tushunish qobiliyatidir va birovning his-tuyg‘ularini tushunish uchun faktlarni eslab qolish va buyruq berishdan ko‘ra, ko‘proq rivojlangan aql talab etiladi.

Har bir qoidaning istisnosi bo‘lgani kabi aqliy darajasi yuqori insonlar rahmdillikka moyil emas, aqliy darajasi pastroq insonlar esa noyob rahm shavqat qobiliyatini namoyish qiladigan hollar ham bo‘lib turar ekan.

Shunga ham qaramay, inson aqli testdagi ko‘rsatkich emas. Xushmuomalalik, samimiylik, birovga sidqidildan yaxshilik qilish, boshqa odamlarning his-tuyg‘ularini hurmat qilish va bizni qo‘rqitadigan o‘zgarishlarga moslashish – bu misli ko‘rilmagan aqlning asl ko‘rsatkichidir.

Siz bunga nima deysiz?

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.