Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ramazon hayiti bayramidagi dam olish kunlarida Samarqandga kelganlar ko‘p bo‘ldi

Bunga yana bir sabab yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarni Samarqandga ko‘proq jalb qilish, ularning yaxshi hordiq chiqarishlari uchun zarur imkoniyat yaratilgani bo‘ldi.

Xorazm viloyati, Urganch shahridan Guliston Egamova:
- Farzandlarim sayohat qilishni juda yaxshi ko‘radi. Besh kunlik dam olish kuni e’lon qilinishi bilan yo‘lga otlandik va bugun tongda Urganch shahridan Samarqandga keldik. Amir Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor majmuasini ziyorat qilib, mana, hozir Shohi Zinda ziyoratgohidamiz.

Samarqanddagi muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga kirishda 20 foiz imtiyoz berilgan ekan, bu imkoniyatdan foydalanyapmiz. Farzandlarim Shohi Zindada bir zinapoya bor, uni uch-to‘rt bor sanasangiz har xil chiqadi, deb eshitganini aytib, “Oyi, boraylik Samarqandga”, deyishardi. Mana, ulug‘ kunlarda Samarqanddamiz. O‘g‘il-qizlarim zavq bilan zinapoyani sanashmoqda, o‘zim esa tarixda ko‘p o‘qigan joylarni ko‘zim bilan ko‘rib turganimdan hayajondaman.

Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanidan Dostonjon Mirzatillayev:
- Amakim, kelinoyim, qarindoshlarim bilan Samarqandga kecha kelgandik. Darhol “Registon” mehmonxonasiga joylashdik, chegirma bor ekan, ancha arzon narxda xona olib, kechga “Favvoralar sayli”ga chiqdik.

Bugun tongdan qadamjolarni aylandik, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasida bo‘lib, bu yerga oldinroq kelmaganimizga afsuslandik. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz mangu qo‘nim topgan Xo‘ja Xizr majmuasi, bu yerda yaratilgan sharoit, ayniqsa sokinlik bir umr yodimizda qoladigan bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan Abdumurod Choriyev:
- Ko‘pdan buyon oilamiz bilan Samarqandni ziyorat qilish niyatida edik. Men-ku, pensioner, vaqtim ko‘p. Ammo o‘g‘lim Yoqubjon tumandagi davlat xizmatlari markazida ishlaydi. Bir joyga chiqishga vaqti bo‘lmaydi. Shu bois bo‘sh vaqt topolmay, kelolmayotgandik.

Hayit munosabati bilan 5 kunlik dam olish kuni e’lon qilinganini eshitib, men ham, o‘g‘lim ham xursand bo‘ldik. Mashinamizda kecha yo‘lga tushdik, uy-mehmonxonaga joylashib, tong sahar masjidga bordim: hayit namozini Samarqandda ado etdim. Mana, tushgacha Samarqandning ko‘plab tabarruk joylarini ziyorat va tomosha qildik. Endi Taxti Qoracha dovoni orqali Shahrisabzga jo‘naymiz.