Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rasul Kusherbayev: Kontrakt va stipendiyalar masalasida qachon aholi fikri inobatga olinadi?

Oliy majlis deputati Rasul Kusherbayev kontrakt va stipendiyalar xususida o‘z munosabatini bildirdi.

"Ko‘pchilikning xabari bor bo‘lsa kerak. O‘tgan yili Abdurashid Abduqodirov va men aholi fikri va takliflaridan kelib chiqqan holda oliy ta’limda kontrakt to‘lovlari miqdorini kamaytirish va tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt tizimi haqida bir qator takliflarni kiritgan edik. Ushbu takliflarimiz o‘tgan yili inobatga olinmagan bo‘lsa-da, bu yil Prezident qarorida stipendiyasiz kontrakt to‘lash, tabaqalashtirilgan to‘lov asosida qabul masalalari qisman o‘z aksini topdi.

Biroq bu yil minglab ota-ona, talabalar va deputatlarning noroziligiga qaramay, kontrakt-to‘lovlari 10 foiz o‘rniga 18 foizga oshirildi, stipendiya narxlari kamaytirildi, bergan va’dalar unutildi. Bosh maqsad talabani qiynab, uning stipendiyasini kamaytirish hisobiga o‘qituvchining oyligini oshirish, boshqa harajatlarni qoplash ekan.

Ziyoli, diyonatli ustoz va murabbiylarimiz bunaqa ehtiromni qanday qabul qilmoqda? Bunisi hozircha qorong‘u.

Kamiga kuni kecha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi super-kontraktlar haqida qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yili 4 ballgacha yetmaganlar super-kontraktni quyidagi miqdorda to‘lashar ekan: kirishga 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar; 1.1 balldan 2 ballgacha - 2,0 barobar; 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar, 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar amaldagi kontraktdan ko‘p to‘lanishi kerak. Kirish balliga 4 balldan ortiq yetmagan, lekin 56,7 dan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdorlari 10 va 15 barobar, yurisprudensiya yo‘nalishida - 25 barobar, ya’ni 229 million 184 ming so‘m, tibbiyot yo‘nalishida - 20 barobar, ya’ni 170 million 649 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz xalq xo‘jaligi sohalarida aynan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari hamda yurist kadrlar yetishmay turgan bir vaqtda bu yo‘nalishda super kontraktlarning kosmik narxlarda belgilanganligi davlat siyosatiga “hamohang”likmi yoki biz bilmaydigan boshqa maqsadlar bormi? Tushunib bo‘lmay qoldi.

Ayni paytda eng kam oylik ish haqi 223 000 ming so‘m bo‘lgani, o‘rtacha oylik ish haqi 2019 yil yanvar–iyun oylarida 2,092 million so‘mni tashkil etib turgan bir paytda super-kontrakt miqdorining bunday yuqori darajada hisoblanishi qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi?

O‘zLiDeP siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi mas’uli, ekspertlar guruhi rahbari Nuriddin Murodovning talab qilgan izohlariga qo‘shimcha ravishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va sohaga aloqadar mas’ullardan quyidagi uchta savolga ham javob berishlarini so‘rardik:

- Jamoatchilikni norozi qilish, bergan va’dalarga rioya etmaslikdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

- Oliy ta’lim tizimida qachon aholi fikrini inobatga olish, ular bilan hisoblashish tizimiga o‘tiladi?

- Davlat rahbari tashabbusi bilan “odamlarni rozi qilish” prinsipi oliy ta’lim tizimi uchun ham tegishlimi yo‘qmi?

Darvoqe, yoshlar ta’lim tarbiyasi borasida jonbozlik ko‘rsatayotgan qolgan partiyalar va faollarning ham bu masaladagi pozitsiyalarini ko‘rishga umid qilib qolamiz", deb yozgan deputat.