Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rasul Kusherbayev nega “Milliy tiklanish”ni tanladi?

Quyidagi mulohazalarning saylov jarayonlariga yoxud xususiy manfaatlarga hech qanday aloqasi yo‘q, deb hisoblashingizni so‘rayman. Chunki ushbu maqola OAV, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘nlab chiqishlari bilan o‘z saylovchilari e’tiborini qozongan, parlamentda esa “o‘jar deputat” sifatida nom qozongan Rasul Kusherbayevning monopoliya bilan bog‘liq ayrim mulohazalariga munosabat tarzida yozildi, xolos.

Ma’lumki, biron-bir lug‘atda “siyosiy jazava” iborasiga sharh berilmagan. Ammo keyingi paytlarda “Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish asosiy vazifamiz”, degan chaqiriqlar bilan saylovchilar e’tiborini tortayotgan O‘zLiDeP vakillarining “Milliy tiklanish”ning har qanday xatti-harakatiga qaratilgan kundoshona yondashuvi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi lug‘atlarni batamom yangilash vaqti kelganidan dalolat berayotgandek.

Agar yodingizda bo‘lsa, liberallar yetakchisi go‘sht masalasida arzimas “xatocha”ga yo‘l qo‘yganida partiya nomini tezdan oqlash, qanday qilib bo‘lmasin “go‘sht” masalasini kun tartibidan chiqarib tashlash vazifasi aynan Rasul Kusherbayev zimmasiga yuklatilgan va u o‘z vazifasini a’lo darajada uddalab, go‘sht iste’moli bilan bog‘liq e’tirozlar oqimini boshqa o‘zanga burib yuborishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Kecha Rasul Kusherbayev zimmasiga navbatdagi nozik topshiriq yuklatilgan ko‘rinadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu safar hurmatli deputatimizga “Artel” kompaniyasi vakillarining “Milliy tiklanish”ga a’zo bo‘lganlari sababini aniqlash va omma orasida ushbu harakatga nisbatan salbiy fikrni shakllantirish vazifasi qo‘yilganmish.

Ishonchimiz komilki, Rasul Kusherbayev partiyaga a’zolik har qanday fuqaroning xohishi asosida amalga oshirilishini, qonunchiligimizda  xususiy korxona rahbarlarining ham siyosiy partiyalarning g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashi man etilmaganini yaxshi biladi.

Bugun matbuotimizda u yoki bu fuqaroning, hatto yirik davlat tuzilmalari mutasaddilarining ham o‘zi tanlagan siyosiy kuchlar safiga qo‘shilayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushyapti. Bu tabiiy hol, albatta. Ammo “Milliy tiklanish” faoliyatidagi yoki saflaridagi har qanday o‘zgarishlar negadir liberallarga esni og‘dirar darajada ta’sir qilayotgan ko‘rinadi.

Rasul Kusherbayev shunday yozadi: “Kuni kecha “Artel” “Milliy tiklanish” partiyasini tanlaganini angladim, partiya emas, “Artel” tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy “krisha”ga ega bo‘ldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanishi va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi”.

Agar ushbu fikrlarni boshqa bir siyosatchi bildirganida, afsuski, yetarlicha ma’lumotga ega emas ekanda, deya xulosa chiqarish mumkin edi. Ammo maqola muallifi R.Kusherbayev.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Nega uzoq yillar davomida liberal-demokratlar safiga “Artel” kabi o‘nlab yirik tuzilmalar rahbarlari va ularda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz qabul qilinganda siyosiy “krisha”lar haqida hech kim gapirmadi?

Tanqid uchun “Milliy tiklanish”ni tanlagan R.Kusherbayev xulosalarini to‘g‘ri deb qabul qilsak, unda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yaqindan boshlab XDPni, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev esa O‘zLiDePni o‘ziga “krisha” qilib olgan bo‘lib chiqyaptimi?

Zero, “Artel” kompaniyasida ming-minglab fuqarolarimiz halol mehnat qilib, bola-chaqa boqayotganini, ular ham o‘z konstitutsiyaviy xuquqidan foydalanib, biron-bir partiyaga a’zo bo‘lishlari mumkinligini ta’kidlashga hojat bo‘lmasa kerak.

Yana bir gap. Ayni paytda bozorlarimizda “Artel”dan tashqari maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yana 33 ta korxona borligini ham e’tiborga olish lozim. “Vista”, “S-Smart”, “Mirtech”, “Konig”, “Panda”, “Rosso”lar shular jumlasidandir. Bugunga kelib, ushbu korxonalar importni qisqartirib, mahalliylashtirish dasturiga o‘tib boryapti.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibida esa bir qator yangi korxonalar ochilmoqda. Agar ularning faoliyatiga ham “monopoliya” deb yondashsak, bunda raqobat bo‘ladimi?

Xulosa qilib shuni aytish joizki, liberallarning paydar-pay chiqishlari kuyinchaklikdan, nega tadbirkorlar bizni emas boshqa partiyani tanlayapti, deya ayuhannos solishdan boshqa narsa emas. Rasul Kusherbayev maqolasida qayd etilganidek, ushbu maqolaga nuqta qo‘yilayotganida bizni ham bir savol o‘ylantirib qo‘ydi. Agar “Artel” “Milliy tiklanish”ni emas, O‘zLiDePni tanlaganida ushbu yozishmalar, munosabatlarga aniqlik kiritishlar bo‘larmidi?

Yo‘q, albatta! Chunki boshqa partiyalar bunday masalalarga bag‘rikenglik bilan, halol raqobat nuqtai-nazaridan yondashmoqdalar. Kimdir qaysidir partiyani tanlagani uchun jazavaga tushib emas.

O‘zMTDP Markaziy kengashi axborot xizmati.