Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Rayono”, “otdel”, “sadik” payariqchasiga o‘zbekchami?

Aksariyat mamlakatlarda o‘z tilini bilishga faxr, o‘zga tilni bilishga zarurat sifatida qarashadi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Bizning jamiyatimizda-chi? Mana shu muvozanat qay darajada qaror topgan? Gapning dangalini aytadigan bo‘lsak, bu borada biz maqtanishga haqimiz yo‘q. Uchta gapning birida ruscha ishlatmasak bo‘lmay qolgan. Bu tilimizga, millatimizga bo‘lgan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.

To‘g‘ri, tartibni avvalo, rahbarlardan boshlash kerak. “Rayonoga borib kelaman”, “Bu otdelga yordam qilish kerak”, “Sadikda ahvol chatoq”, degan gaplarni har kuni qayta-qayta aytaversak, tilimizga hurmatimiz oshadimi?

Ayrim joy nomlari ham yarashmagan yamoqdek: Tentak, Qo‘tirbuloq, Ayri, Ko‘tarakal... Shunga o‘xshash nomlarni o‘zgartirish haqida ming marta aytildi. Lekin mas’ullar xo‘p-xo‘p deyishdan nariga o‘tolmayapti.

Payariqni bir aylanib ko‘ring, tilimizga yot bo‘lgan so‘zlar to‘lib-toshib yotibdi.

Joriy yilning 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘ldi. Yig‘ilishda yuqoridagi masalalar tanqidiy muhokama etildi.

Vaziyatga oqilona, odilona yondashish talab etildi.

Yana bir gap. Markaziy ko‘chalar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning muammolarini hal etish bo‘yicha mas’ullarning familiyasi, ismi, telefon raqamlari aks etgan afishalarga bir nazar soling. Tumanimizdagi ikkinchi va uchinchi sektor rahbarlari lavozimini tark etganiga ancha bo‘ldi. Ammo ular haqidagi ma’lumotlar ham ko‘chalardagi e’lonlar lavhalarida turibdi. Bularni o‘zgartirish hech kimning xayoliga kelmayapti.

Husniddin XOLDOROV.

Shirinboy MAMADALIYeV olgan suratlar.