Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Registon maydonida “Matonat” filmi ijodkorlarini taqdirlash va “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmining tayyorgarlik taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Kinematografiya agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida viloyatimiz bo‘ylab “Kinokarvon” aksiyasi doirasida Registon maydonida kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, filmlar taqdimoti va namoyishi o‘tkazildi.

Unda kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda o‘zbek kino san’ati vakillari, ijodkorlar ishtirok etdi.

Ijodiy uchrashuv avvalida 101 o‘zbek askari jasoratiga bag‘ishlangan “Matonat” hujjatli filmi ijodkorlarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Shuningdek, buyuk sarkarda, Samarqand farzandi Bahodir Yalangto‘sh qahramonligi haqidagi “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmining tayyorgarlik taqdimoti o‘tkazildi.

- Ushbu filmga tayyorgarlik jarayoni bizdan katta mas’uliyat talab qiladi, - deydi film rejissyori Jahongir Ahmedov. - Negaki, bu nafaqat mamlakatimiz, balki jahonga mashhur sarkarda hayoti va faoliyati haqida gap ketyapti. Tayyorgarlik jarayonida tarixchi olimlar va boshqa mutaxassislar bilan bamaslahat ishlayapmiz.

Uchrashuv so‘ngida 2001 yil 11 sentyabr Nyu-Yorkda amalga oshirilgan terroristik hujumlardan so‘ng, O‘zbekiston aviakompaniyasiga tegishli “Boing-757” samolyoti 101-reys ekipaji ko‘rsatgan qahramonlik haqida hikoya qiluvchi “101-reys” badiiy filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi.