Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Reklama - foyda manbai, ammo uning matnini tayyorlashda imlo qoidalariga amal qilinishi kerak

Bozor iqtisodiyotida katta hajmlardagi tovarlar bo‘ladimi yoki donalab sotiladigan mahsulotlarmi, g‘oyalarmi, barchasini tez va oson sotishda reklamaning o‘rni benihoya katta. XXI asr axborot texnologiyalari davrida bu ish yangi bosqichga ko‘tarildi.

Reklama haqida Robert Kiyosaki juda ko‘p gapirgan va reklamaning ahamiyatini o‘zining kitoblarida aks ettirgan. U o‘zi iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olib, shu sohada o‘qishini yakunlagan. “Agar menda qayta imkoniyat bo‘lganida, marketing sohasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lardim…” - deydi Kiyosaki.

Agarda siz olimning kitoblarini diqqat bilan o‘qib chiqsangiz, u qiziqtiradigan va bilinmaydigan reklama usulidan foydalanganining guvohi bo‘lasiz. Masalan, “Yollanma ishchining tadbirkorga aylanishi” kitobida ajoyib mavzularda gap yuritadi va o‘z fikrini yakunlamasdan uning davomini boshqa bir kitobga yo‘naltiradi. Bu kitoblar esa “Time Warner” nashriyotida chop etilgan kitoblardir.

Bugungi kunda reklama beruvchi o‘z reklama materialini tasdiqlatish uchun bir qancha idoralarga murojaat qilishi kerak emas. Barcha mahalliy hokimlikda davlat xizmatlar markaziga buyurtmanoma topshirib, natijasini olish uchun shu yerning o‘ziga murojaat qilishingizning o‘zi kifoya.

Reklama materiali tasdiqlanmagan taqdirda sayt orqali rad etish sababi haqida ham bilib olish mumkin. Portaldagi maxsus bo‘limda O‘zbekistondagi reklama faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar bilan tanishish mumkin. Bu yerda buyurtmanomalar namunalari va to‘g‘ri rasmiylashtirilgan reklama materiallari ham joylashtirilgan. Sayt tadbirkorlarga tasdiqlash uchun taqdim etiladigan materiallarni oldindan tekshirish imkonini beradi. Buni DUK xodimlari on-layn rejimida bepul amalga oshiradi. Buning uchun foydalanuvchi tegishli bo‘limga kirishi, anketa to‘ldirishi va unga pdf formatidagi fayllarni ilova qilishi zarur. Yuborilgan eskizlar 1 ish kuni davomida ko‘rib chiqilib, murojaat qiluvchiga ular yuzasidan xulosa va tavsiyalar (zarur bo‘lgan hollarda) elektron shaklda taqdim etiladi.

Viloyatimizda reklama matnidagi grammatik qoidalarni buzish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Misol tariqasida, “Samsaga marxamat” deb nomlangan reklama bannerida ikkita harf noto‘g‘ri yozilgan. Nurobod tumani markazida “Osh markazi” degan reklama yozuvi mavjud. Oshda ham markaz bo‘ladimi? Unda “Lag‘mon markazi”, “Sho‘rva markazi”, “Qovurma markazi” deb ketaverish kerak ekan-da. Shuningdek, ayrim reklama matnlarida o‘, q, g‘, h harflari o‘rniga u, k, g, x havflari yozilganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, “Muzkaymok bor”, “Dukon ochik”, “Oshga marxamat”, “Plastikka savdo kilamiz”. Bunga o‘xshash holatlar barcha shahar va tumanlarda ko‘plab uchraydi.

Kirillcha harflar bilan yozilgan bannerlarda xatoliklar ko‘p. Negaki so‘nggi chorak asr mobaynida lotin alifbosida o‘qigan avlod kirillcha yozuvlarda oqsab qolyapti. Shu sababli reklama matnini yozishda va reklama bannerlarini chop qilishda albatta, imlo va grammatik qoidalarga rioya etish maqsadga muvofiq.

Bunday statistika bannerlar, plakatlar, videoroliklar va yuguruvchi satrlar eskizlarini ishlab chiqayotgan dizaynerlar birinchi navbatda loyihaning ijodiy jihatiga, savodxonlik qoidalariga e’tibor qaratishlari lozim. Yana bir jihati, tayyor loyihalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqdim etish oldidan hech kim ularning yozilishini tekshirib ko‘rmaydi. Bu esa matndagi kamchiliklarni yuzaga chiqaradi.

Umuman olganda, reklama iste’molchilar va mahsulot yaratuvchilar o‘rtasidagi ko‘prikdir. Ko‘prik qanchalik mustahkam va ishonchli bo‘lsa, iste’molchilarning ko‘lami ham kengayib boradi.

Valiqul Berdiqulov, SamISI marketing kafedrasi mudiri,
iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.
Sanjar Boyjigitov, kafedra assistenti.