Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rentgen nihoyatda qo‘rs inson bo‘lgan

Mashhur olim Vilgelm Konrad Rentgen (rentgen apparati ixtirochisi) tabiatan nihoyatda qo‘rs inson bo‘lgan. Xodimlari uning qo‘pol muomalasidan yig‘lar, faqat ilmiy iste’dodiga tayanibgina unga nisbatan hurmatda bo‘lar ekanlar. Shved qirollik akademiyasi tomonidan unga Nobel mukofoti berilishi to‘g‘risida xabar kelganida, u yelka qisib qo‘ydi. Nobel qo‘mitasi laureatni marosimga rasman taklif etish uchun kelganida Rentgen kotibi orqali muhim ishlar bilan band ekanligini, Stokgolmga aniq bir maqsadsiz, sandiroqlab borib kelishga vaqti yo‘qligini yetkazishni buyurdi:

- Bergan  bo‘lsa, beripti-da, pochta orqali jo‘natsayam bo‘lardi, juda zarur bo‘lsa, - dedi u.

Shvedlar bu nufuzli mukofot davlat marosimida shaxsan Shvetsiya qiroli tomonidan martabali kishilar ishtirokida taqdim etilishini tushuntirishdi.

- Agar qirolning qiladigan ishi bo‘lmasa, shundaydir ham balki, o‘zi Venaga kela qolsin. Rentgen saroy bekorchisi emas, olim ekanligini yetkazing. Aytdim-ku, axir men bandman, shved qiroli bilan hech qanaqa ishim yo‘q! – dedi olim.

Mukofotni jo‘natishdi.

Rentgen o‘zining nurlari ustida bir yarim yil ilmiy izlanish olib bordi va ulardagi o‘n ikki sifat o‘zgarishlarini to‘rt varaq qog‘ozda tavsifladi. Shundan keyin aytdi:

- Bo‘ldi, tugadi, bu yerda qilinadigan ish qolmadi, boshqa masalalarni ko‘ramiz.

Xodimlar shoshma-shosharlik bilan qilingan “oltin tubli bu istiqbolli yangilik”ka ishonib yopishishdi. Biroz vaqtdan keyin ular noma’lum nurlanish oqibatida vafot etishdi. O‘sha paytdan buyon 100 yil o‘tdi, lekin Rentgen nurlarining xususiyatiga shu kungacha biror kishi biron qatra tavsif yoki yangilik qo‘shganicha yo‘q.

Mixail Vellerning “Samovar” kitobidan.