Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Respublikada yagona konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasida muzey xodimlari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida “Muzey ayoshlarini restavratsiya qilish va tiklash ishlarining dolzarb muammolari va ularning yechimlari” mavzusida respublika  ilmiy-amaliy seminari o‘tkazildi.

Unda Madaniyat vazirligi vakillari, respublika muzeylarida faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlar, restavratorlar ishtirok etdi.

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman bejiz Samarqand shahrida tashkil etilmadi. Bu yerda joriy yilda Janubiy Koreya hamda O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida imzolangan “Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum asosida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasi tashkil etilgandi.

- Ushbu amaliy seminar respublikamizdagi barcha muzey xodimlari uchun muhim sanaladi, - deydi Kamoliddin Behzod nomidagi miliy rassomchilik va dizayn instituti Muzeyshunoslik kafedrasi mudiri Kamola Nishonova. –  Sababi yaqin yillarda muzey ta’mirlovchilari, ya’ni restavratorlar uchun bunday seminar tashkil etilmagandi. Deyarli barcha muzeylarimizda arxeologik ashyolar ko‘p. Bugungi amaliy seminar ham aynan ushbu ashyolarni ta’mirlash jarayonlari, muzey xodimlarining huquq va majburiyatlarini bilish, me’yoriy hujjatlar bilan tanishishga keng imkon yaratadi. Shu bilan birga respublikamizdagi yagona laboratoriyada amaliy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi viloyatimiz muzeylari faoliyat yuritayotgan ta’mirlovchilar uchun ham katta tajriba bo‘ladi.

Amaliy seminarda  ishtirokchilar “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya va konservatsiya qilish tartibi”, “Metall buyumlarni kimyoviy tozalash va konservatsiya qilish”, “Sopol buyumlarini ta’mirlash usullari, “Qog‘oz ashyolarini tozalash va ta’mirlash” kabi mavzularda  ma’ruzalar tingladi.

-  Madaniy meros ob’yektlarining bugungi ahvoli qanday, deb savol bersangiz, zo‘r yoki yaxshi ahvolda deb javob berish qiyin, - deydi Navoiy viloyati Sarmishsoy davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Ramazon Egamov. – Markaziy  Osiyoda 3 ming yillik, 10 ming yillik madaniy merosimiz bor. Yillar o‘tgani sayin bu madaniy meros ashyolari tabiiy, antropogen va boshqa ta’sirlar tufayli eskiradi. Tomoshabin diqqatini tortish darajasi pasaydi. Ularni asl holatiga keltirish uchun zamonaviy ta’mirlash ustaxonasi zarur edi.  To‘g‘risini aytganda, shu vaqtgacha bizda maxsus laboratoriya bo‘lmagani uchun viloyatlarimizdagi muzeylarda faoliyat yuritayotgan har bir restavrator o‘zlarining bilim darajasida nodir asarlarni ta’mirlab kelayotgan edi. Gohida xato ta’mirlash ishlari ham bo‘lardi. Samarqandda ushbu laboratoriyaning ochilishi  madaniy, milliy merosining uzoq yillab, asl xolida saqlanishiga, restavratorlar tomonidan aniq ishlov berilishiga zamin yaratadi.

Madaniyat vazirligi bosh mutaxassisi ma’lumotiga ko‘ra, muzeylarning aksariyat eksponatlari ta’mirtalab. Shu vaqtgacha muzeylarda ashyolarni ta’mirlash uchun mablag‘ masalasi muammo bo‘lgan bo‘lsa, endilikda har bitta ashyoni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, muzeylar ta’mirlovchi xodimlarining chet elda tajriba almashishi ham yo‘lga qo‘yiladi.