Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ritorik ideal kim?

Ritorik ideal – pedagogik ritorikaning markaziy kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Antiq ritorikada “ritor” (notiq), “ideal” (obraz) so‘zlarining bog‘lanishidan tarkib topgan. Qadimgi Gretsiyada maxsus notiqlik maktablarida notiqlar tayyorlangan va ularning ayrimlari ideal notiqlar sifatida tan olingan. Notiq faol, muloqotga kirishuvchan, o‘qimishli va odobli, auditoriyani hurmat qiladigan shaxs sanalgan. Bundan tashqari, ritorik ideal obrazi haqiqatgo‘ylik, kompetentlik, ommaviy nutq mazmuni va shakli uchun shaxsiy mas’uliyat, kamtarlik, o‘z auditoriyasiga nisbatan hurmat, boshqa notiqlarning fikriga e’tiborli bo‘lish, nutqning o‘rinli bo‘lishi, mazmunning dolzarbligi, ehtiyotkorlik (nutq oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish), ishonarlilik, ifodalilik, fikrni qisqa va lo‘nda ifoda eta olish, badiiylik kabi xususiyatlar orqali ta’rif etiladi.

Klassik ritorikada notiqqa nisbatan qo‘yilgan yuqoridagi talablar “etos” kategoriyasi mazmunini ham tashkil etgan. Notiqning qaysi xususiyatlari ustunligiga qarab “etos”, “pafos”, “loogos” atamalari qo‘llanilgan.

Keyinchalik pedagogik ritorikada ritorik ideal o‘qituvchiga nisbatan qo‘llanilgan. Ideal so‘zining ma’nosini tahlil qilganimizda ham lug‘atlarda quyidagicha izoh beriladi:

- ma’lum bir hodisaning eng yuqori qiymati, eng yaxshi, to‘liq holati;

- shaxsiy fazilatlar, qobiliyatlar namunasi;

- shaxs axloqlilikning eng yuqori normasi (shaxsiy ideal);

- yaxshi va munosib axloqlilikning yuqori darajadagi ifodasi;

- odamlar o‘rtasidagi munosabatlardagi mukammallik (axloqiy ideal);

- jamiyatning eng mukammal tuzilishi (ijtimoiy ideal).

“Pafos” tushunchasi esa notiqning auditoriyaga nisbatan ta’sirchan munosabatini ifoda etib, uning yordamida notiq o‘z tinglovchilarida turli xil emotsional bilim, diqqat, niyat, harakat, haqiqatni bilishga intilish kabi xususiyatlarni tarbiyalashni nazarda tutadi. Ritorik pafos ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin. Ijobiy pafosdan notiq o‘quvchilarda axloqiy xususiyatlar va ijodiy qobiliyatlarni shakllantirish, ularni yaratuvchanlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida foydalanadi.

“Logos” – bu nutq mazmunini o‘quvchilarga tushunarli qilib ifodalash uchun notiq tomonidan foydalanalidigan ritorik vositalar majmui. Fikrni argumentlash ana shunday vositalar sirasiga kiradi.

Demak, etos – ijobiy xislatlarga ega bo‘lgan, pafos – tinglovchi diqqatini qarata olgan, logos – til birliklaridan o‘rinli foydalana olgan notiqqa nisbatan qo‘llanilgan. Har bir atamani jamlagan shaxs ideal hisoblanadi. Pedagogik ritorikada ritorik ideal zamonaviy notiq obraziga, pedagog muloqoti va uning shaxsiga qo‘yilayotgan talablarda o‘z ifodasini topadi.

Xullas, oldimizda yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Aslida ritorik ideal – yuksak milliy madaniyatga ega bo‘lish degani. Millatni, elni, xalqni qadrlagan kishigina uning madaniyatini qadrlaydi va oqibatda o‘zi ham e’zoz topadi.

Dilbar O‘RINBOYeVA,

filologiya fanlari doktori, dotsent.