Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiyalik mutaxassis SamVMIda asalarichilikning xalqaro tajribalaridan saboq bermoqda

Bugun dunyoda tabiiy mahsulotlarga talab o‘ta yuqori. Asal - bu mahsulotlar reytingida eng yuqori o‘rinni egallaydi. Asalarichilik  sohasini rivojlantirish va asal mahsulotlarini yetishtirishga bo‘lgan talab ham yil sayin ortib bormoqda. Mamlakatimiz iqlim sharoitining qulayligi soha rivoji uchun muhim omil hisoblanadi.

Bugun sohada qanday muammolar mavjud? Qanday innovatsion texnologiyalar joriy etilmoqda? Soha rivoji uchun to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan qanday chora-tadbirlar amaliyotga joriy etilishi kerak?

O‘zbekiston Asalarichilari uyushmasi tashabbusi bilan Samarqand veterinariya meditsinasi institutida tashkil etilgan o‘quv-seminarda ana shular haqida so‘z yuritildi.

Seminarda asalarichilik xo‘jaliklari mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda institutda mazkur yo‘nalish bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi.

Uyushma taklifiga ko‘ra, mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi asalarichilik ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Lyubov Savushkina, O‘zbekiston Asalarichilari uyushmasi rahbari Sherali Suyarqulov, SamVMI rektori, professor Xudaynazar Yunusov sohada joriy etilayotgan yangiliklar xususida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda respublikamizning 14 mingdan ortiq asalarichilik sub’yektlarida 900 mingdan ortiq asalari oilalari parvarish qilinadi. Asal mahsulotlari  ishlab chiqarish hajmi va turlari yildan-yilga ortib, asalni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Endilikda, sohani sanoatlashtirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan keng foydalanish talab etiladi.

Tajribalardan ma’lum bo‘ldiki, qishloq xo‘jaligi ekinlarini  asalarilar ko‘magida changlatish orqali hosildorlikni oshirish mumkin.  O‘tgan yilda Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida 1500 gektar bog‘larda shu usul qo‘llanildi va hosildorlik yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etildi. Qolaversa, bu usul olinadigan asal sifatiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazishi isbotlandi.

Rossiyalik mutaxassis asalari parvarishi, asalari oilalarida olib boriladigan profilaktik tadbirlar, kasalliklar bilan kurashish yo‘llari to‘g‘risidagi yangi usullarga oid tajribalarini ham o‘rtoqlashdi.

Seminar o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.

Gulchehra BERDIYoROVA.