Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ro‘zador odam emlanishi mumkinmi?

Ma’lumki, yurtimizda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ramazon oyiga to‘g‘ri kelmoqda. Fuqarolarda esa ro‘za tutgan holda ham emlanish mumkinmi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. SSV Matbuot xizmati ushbu savol bilan Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevaga murojaat qildi.

— Ro‘zador odamda qisman jisman toliqish bo‘ladi. Shunday holatda ham vaksina qabul qilish kerakmi?

— Ro‘za tutishda belgilangan talab va amallarni o‘rganib chiqsak, imkon qadar bemor odamlar o‘z salomatliklarini og‘irlashtirmasliklari uchun ayrim kasalliklarda ro‘za tutmasliklari tavsiya etiladi.

Bunday holatlarda, emlash jarayoniga taklif etilgan bo‘lsangiz va shifokor ko‘ruvida kasallikning o‘tkir holati yoki avj olgan davri kechayotgani ayon bo‘lsa, bu fuqarolar emlanmaydilar.

Salomatlik ko‘rsatkichlari me’yorida bo‘lib, o‘zini sog‘lom deb xis qilgan fuqaro ro‘zador bo‘lib, emlashga taklif etilgan bo‘lsalar, shifokor ularni holatlarini o‘rganib chiqib xulosa qiladi.

Bunda fuqaro salomatligi sog‘lom deb baholanib, emlash tavsiya etilgan bo‘lsa, unda emlashdan keyingi davrda – shifokor bilan bog‘lanib turishlari kerak. Sababi turli insonlar organizmining vaksinaga reaksiyasi turli xil bo‘ladi. Shu bois, emlash olganlar shifokor tavsiyalarini bajarishlari talab etiladi.

Ta’kidlash kerakki, insonlar ro‘zalarini buzmay turib ham emlanish orqali organizmda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet hosil qilishlari mumkin.

O‘rni kelganda aytish lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati dunyo ulamolari xulosasiga asoslanib, koronavirusga qarshi emlash teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri bo‘lganligi, buning ustiga oziqlantiruvchi emasligini inobatga olgan holda vaksina olshish joiz ekani, bu ish ro‘zani buzmasligi bo‘yicha bayonot bergan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.