Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand Anqara bilan birodarlashishi mumkin

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahri meri Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov mehmonlarni yurtimizda ko‘rib turganidan xursandligini bildirib, bu tashrif qardosh do‘stlarning uchrashuvi, samimiy muloqoti ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Prezidentlari sa’y-harakati bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, yangi bosqichda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ayniqsa, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar, turkiyalik tadbirkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani tufayli o‘zaro hamkorlikda ikki tomon uchun ham manfaatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Samarqandda ham tekstil, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm sohalarida Turkiya bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

E.Turdimov aloqalarni yanada rivojlantirish, Samarqand va Anqarada tadbirkorlarning biznes forumlarini uyushtirish, o‘zbek va turk xalqlari madaniyati kunlarini o‘tkazish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Turkiya poytaxti meri bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda kelgusida Anqara va Samarqand shaharlari o‘rtasida birodarlashuv masalasi ko‘rib chiqilayotgani, O‘zbekistonda ziyorat turizmni rivojlantirish borasidagi ishlarda Anqara tomoni ham faol ishtirok etish istagida ekanligini ma’lum qildi.

– O‘zbekistonga, Samarqandga ilk bor kelgan bo‘lsam-da, bu yerda o‘zimni xuddi Anqarada yurgandek his qilyapman, – dedi Anqara shahri meri Mansur Yavash uchrashuvdan so‘ng bergan intervyusida. – Bu turk va o‘zbek xalqlarining azaldan o‘zaro yaqinligi, tariximiz, madaniyatimiz, an’ana va urf-odatlarimiz mushtarakligi tufayli deb bilaman. Va ishonamanki, kelajagimiz ham birga bo‘ladi. Bugungi kunda bizning mamlakatda, Anqarada O‘zbekistonga, bu yerda olib borilayotgan islohotlarga qiziqish juda kuchli. Tadbirkorlarimiz O‘zbekistonda biznes faoliyatini olib borishga intilmoqda. Ayniqsa, yurtingizda ziyorat turizmni rivojlantirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston muqaddas Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti. Bu ulug‘ zotlar nomi bilan bog‘liq maskanlarni ziyorat qilish barcha musulmonlar, jumladan, turkiyaliklarning ham orzusi hisoblanadi.

Mehmonlar tashrif doirasida Imom Buxoriy majmuasi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bo‘ldi. Samarqand shahridagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.