Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat tibbiyot universitetida xorijiy tillarni o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni o‘rganishda motivatsiyani shakllantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda Rossiya Federatsiyasining bir qator tibbiyot universitetlari, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va boshqa oliy o‘quv yurtlarining yetakchi pedagog va tilshunos olimlari ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom To‘xtasinovlar so‘zga chiqib, xalqaro konferensiya respublikada xorijiy tillarni o‘rganishning dolzarbligi nuqtai nazaridan muhimligini va bu borada ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish zaruriyatini ta’kidladi.
Yalpi majlisdan so‘ng xalqaro ilmiy forumning asosiy ishi “Tibbiyot universitetida chet tili: o‘qitishning optimal modellari”, “Rus va o‘zbek tillarini o‘qitishga innovatsion yondashuv va tillarni o‘qitish strategiyasini takomillashtirish” kabi mavzularda alohida sho‘balarida davom ettirildi. Sho‘ba ishida respublika va xorijiy 14 ta oliy o‘quv yurtlari vakillarining pedagogika va tilshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha 40 dan ortiq ma’ruzalari tinglandi.
Shuningdek, konferensiya oldidan forum ishtirokchilarining 127 ta ma’ruzasini o‘z ichiga olgan ilmiy maqolalar to‘plami nashr etildi.
Xalqaro ilmiy anjumanda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida lotin tili va tibbiyot terminologiyasi, chet tillarini o‘rganishda motivatsiyani shakllantirish, shuningdek, umumiy tilshunoslik, klassik filologik an’ana va uni o‘rganish muammolariga yondashuvlar kabi dolzarb mavzularga doir chiqishlar ishtirokchilarning katta qiziqishlarini uyg‘otdi. Ma’ruzalar qizg‘in muhokama va fikr almashuvi bilan kechdi.
Odilbek Ahmedov.