Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetida xorijlik talabalarning to‘lov-kontrakt miqdori pasaytirildi

Ayni paytda Samarqand davlat universitetida 30 ga yaqin bakalavr yo‘nalishida xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, universitetda magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida ham xorijdan kelgan talabalar o‘qimoqda. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda, - dedi universitet prorektori Akmal Ahadov. - Ayni paytda universitet talabalariga 70 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar dars bermoqda. Xususan, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Isroil kabi davlatlarning yetakchi universitetlari bilan birgalikda bakalavriat talabalari uchun sakkiz yo‘nalishda, magistratura bosqichi talabalari uchun 10 yo‘nalishda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur talabalar ikki universitet diplomlariga ega bo‘lishadi.

- Turkiyada yosh o‘zbekshunoslar kam, - deydi turkiyalik doktorant Bayram Billur. – Men Samarqandning qadim tarixi, madaniy va ma’naviy merosiga juda qiziqaman. Shuning uchun ushbu yo‘nalishda ilmiy ish qilishni xohladim va Samarqand davlat universitetiga o‘qishimni davom ettirish uchun keldim. Bu yerda xorijlik professor-o‘qituvchi va talabalar uchun zamonaviy yotoqxona mavjud. Shuningdek, bizga tajribali, bilimli professor-o‘qituvchilar dars beradi.

Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida universitet rahbariyati xorijlik talabalarni oliy ta’lim muassasasiga jalb etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Shu paytgacha xorijlik bakalavriat talabalari universitetda 19 360 000 so‘m, xorijlik magistratura yo‘nalishi talabalari 23 760 000 so‘m miqdorida to‘lov-kontrakt asosida o‘qigan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan moliyaviy va akademik mustaqil bo‘lgani uchun xorijlik bakalavrlar 11 227 000 so‘m, magistrlar esa 9 151 000 so‘m to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi mumkin.