Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetiga Kaliforniya universiteti professori keldi

Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning saksondan ortiq nufuzli oliy o‘quv dargohlari bilan ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Ulardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Koliforniya universitetidir. E’tirofli jihati, mazkur nufuzli dargohda vatandoshimiz Sharof Mavlonovich Tug‘uzov o‘ttiz yildan buyon faoliyat ko‘rsatoqda.

Asli Urgut tumanining Sanchiqul mahallasida tug‘ilib, 61- umumta’lim maktabini a’lo baholarda bitirgan Sharof Tug‘uzov ayni paytda Amerikadagi Kaliforniya universiteti professori. Mazkur o‘quv yurti virusologiya laboratoriyasi eksperti, kafedra mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Nyu-York Fanlar akademiyasi a’zosi.

Sharof Tug‘uzov O‘zbekistondagi bir qator oliygohlar bilan, jumladan, Samarqand davlat universiteti bilan doimiy aloqada. Bu gal u universitetning biologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalar bilan uchrashdi.

Kaliforniya universiteti professori bugun sayyoramizda ekologiya va insoniyat uchun xavfli bo‘lgan viruslarni keltirib chiqaruvchi sabab va omillar, ulardan saqlanish yo‘llari va profilaktikasi, bu borada fanda erishilgan yutuqlar hamda jahon ilmiy jamoatchiligining tajribalari yuzasidan mahorat darsi o‘tdi.

– 2017 yilning noyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi chog‘ida o‘sha yerda faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida men ham u kishi bilan uchrashgan edim, – deydi Sharof Tug‘uzov. – Davlatimiz rahbari bizni Vatanimizga taklif etib, yurtimizda ilm-fanni rivojlantirishga hissa qo‘shishga da’vat etgan edi. Ana shu taklifdan so‘ng mamlakatimizdagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlay boshladik, birgalikda loyihalar ishlab chiqyapmiz. Biz O‘zbekistonning kelajagiga befarq emasmiz. Fan va oliy ta’limga oid ko‘plab istiqbolli loyihalar ustida ilmiy ish olib bormoqdaman. Ayniqsa, O‘zbekiston Miliiy universiteti va Samarqand davlat universiteti 2030 yilgacha dunyoning 500 talik reytingiga kirishi yo‘lidagi niyatni eshitib, xursand bo‘ldim. Endi ko‘proq ishlash, samarali o‘qish va dunyo tajribasidan kengroq foydalanish zarur. O‘zbekistonlik yoshlarning xorijda tahsil olishi juda muhim. Shuningdek, ta’lim va bozor iqtisodiyoti yakdil, baqamti ishlashi uchun takomillashgan mexanizm zarur. Prezidentimiz olg‘a surayotgan bu g‘oya O‘zbekistonning taraqqiyotiga, rivojiga munosib yo‘l ochadi. Qayerda bo‘lmaylik, ona yurtga talpinib yashaymiz va yurt istiqboliga ishonamiz...

Uchrashuv yakunida universitet xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Muxtor Nosirov professor Sharof Tug‘uzovga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Dilmurod DO‘STMURODOV,

SamDU matbuot xizmati rahbari.