Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand eshkak eshish kanali hududida qurilayotgan “Samarqand turistik markazi” qachon faoliyat boshlaydi?

“Samarqand turistik markazi”da viloyat hokimligi, viloyat turizmni rivojlantirish departamenti, Jomboy va Samarqand tumanlari hokimlik vakillari hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari mas’ullari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan “Samarqand turistik markazi”ga yosh kadrlarni tanlab olish hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, sohaga qiziquvchi ishsiz yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Ushbu turistik markaz ishga tushirilgach, 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. Markazga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar va mehmonlarga jahon tajribasi asosida, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishga qabul qiluvchilar tanlov asosida olinadi.

- Prezidentimiz 2019 yilning iyul oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida xorijiy va mahalliy sayyohlar, viloyat aholisi uchun qulay shart-sharoitga ega dam olish maskani yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi, - deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari Jasur Rahmonov. – Majmuada anjumanlar markazi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, suzish havzalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tematik bog‘lar hamda ko‘ngilochar ob’yektlar qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu markazning ishga tushirilishi bilan professional ishchilarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida hozirdanoq markaz ma’muriyati tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlandi. Markaz tomonidan talabgorlarni tanlab olish, ularni o‘qitish hamda ushbu yo‘nalishda hamkorlik ishlarini tashkil etishga kelishib olindi.

N.Ahmedova.