Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand faqat Registondan iborat emas yoxud yer yuzining sayqali turistik salohiyatiga bir nazar

Dunyoning istalgan mamlakatiga borib, “Samarqanddanman” deb aytsangiz o‘zgacha hurmat va havas bilan qarshi olishadi. Bu zaminda bo‘lganini gapiradi yoki borish orzusida ekanini aytadi. Ana shunday paytda bejiz Samarqand inson umri davomida bir marta bo‘lsa-da borib ko‘rish shart bo‘lgan shaharlari qatorida e’tirof etilmaganini anglaysiz. Bo‘lmasa, dunyoda mamlakat kammi, shaharlar kammi? Samarqand ana shu minglab shaharlar qatorida elliktadan bittasi. Buyam bir necha yil oldingi e’tirof. Balki bugun Samarqand yigirmata, o‘nta eng e’tibordagi shaharlar qatoridadir.

Mayli, bunisi o‘z yo‘liga. Lekin ayni chog‘da Samarqand chindan ham dunyoning yirik madaniyat, ma’rifat, siyosiy muloqotlar markaziga aylanmoqda. Va tabiiyki, bu yerga keluvchi siyosiy arboblar, olimu ulamolar, sayyohlar har qachongidan ko‘paygan. Eng muhimi, ular boradigan manzillar bugun faqat Registon va Shohi Zinda, Amir Temur maqbarasi va Hazrati Xizr masjidi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualaridan iborat emas, o‘nlab, balki yuzlab ob’yektlar bor. Ularning barchasi borib ko‘rishga, ziyorat qilishga va zavqlanishga arziydi, didi nozik har qanday insonni hayratlantiradi.

Turizm yil davomida

Shu paytgacha Samarqandda bahor va kuz oylarini sayyohlik mavsumi hisoblashardi. Sababini so‘rasangiz, bu vaqtda havo salqin va sayohat uchun qulay bo‘ladi, xorijliklar asosan shu paytni tanlaydi, deb javob berishardi. Ammo bu gapga ishonish qiyin, shunday gaplar bilan o‘zimizga tasalli berganmiz, xolos. Misr doim issiq bo‘lsa-da sayyohlar ehromlarni ko‘rish uchun yilning to‘rt faslida ham bu sehrli o‘lkaga borishadi-ku. Yoki Osiyo mamlakatlarida yoz oylari bizdagi kabi jazirama bo‘lmaydimi, Yevropa va Amerikada qor yog‘maydimi, yomg‘irlar mavsumi yo‘qmi? Bor, albatta. Ziyorat uchun, sayohat uchun har bir faslning o‘ziga yarasha go‘zalligi, foydalana olsangiz, qulayligi mavjud.

Shu  yilning bahor oylari edi. Urgutdagi "Tersak" turizm qishlog‘i haqida maqola tayyorlash uchun bu go‘zal go‘shaga borganimizda fransiyalik sayyohlarni uchratdik. Aksariyati keksa yoshli kishilar bo‘lgani uchun “hozir tog‘larimizda ko‘p yomg‘ir yog‘yapti, bunday vaqtda ko‘ngildagidek sayohat ham qilolmayotgandirsizlar”, deb so‘radik ulardan.

– Biz shuning uchun sayohatga keldik-ku, – dedi ulardan biri kutilmaganda. – O‘zbekistonning tabiatini yaxshi bilamiz, qolaversa, hozir qachon, qayerda, qanday ob-havo kuzatilishini ham bir necha kun oldin bilish mumkin. Sayohat uchun faqat quyoshli, salqin payt bo‘lishi shart emas, O‘zbekistonning go‘zal tabiatidan har qanday sharoitda bahra olish mumkin. Bizga shunisi yoqadi.

To‘g‘ri-da, to‘rt fasli birma-bir namoyon bo‘ladigan yurtlar dunyoda ko‘p emas. Ne baxtki, O‘zbekiston ana shunday o‘lka. Yilning to‘rt fasli ham o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida keladi. Shuning uchun bugun yurtimizda sayyohlikka mavsumiy deb qarash tushunchasi yo‘qolmoqda.

O‘n yil oldingi bilan taqqoslasak, farq juda katta bo‘lishi tabiiy, yaqin yillarga nazar solaylik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandga pandemiyadan oldin, 2019 yilning birinchi yarmida 198 ming nafar xorijlik, 1 millionga yaqin mahalliy sayyoh kelgan ekan. Bu yil esa 114 davlatdan 240 ming nafardan ortiq chet ellik, 1 million 245 ming nafar mahalliy turist kelibdi. Chet ellik sayyohlarning Samarqandda bo‘lish kunlari uch yil oldin o‘rtacha 2 kunni tashkil etgan bo‘lsa, bugun 2,6 kunga yetdi. Kunlik xarajati o‘rtacha 100 AQSh dollaridan 152 dollarga yetgan. Mahalliy sayyohlarda ham ana shunday o‘sish ko‘rsatkichlarini ko‘rish mumkin.

Bu shunchaki raqamlar emas, albatta, uning ortida qancha ish o‘rni, qancha daromad, qancha servis, infratuzilma borligi soha ishi bilan tanish bo‘lganlarga yaxshi ma’lum.

– Turizm sohasini rivojlantirish maqsadida keyingi yetti yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan 30 dan ziyod farmon va qarorlar qabul qilindi, – deydi Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Qobilov. – Bir qator davlatlar fuqarolari uchun viza tartiblari soddalashtirildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Turizm sohasi vakillari davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. Pandemiya sharoitida esa ularga ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi. Ana shu ishlar natijasida pandemiya cheklovlari yumshatilgach, turistik firma va kompaniyalarimiz ish faoliyatini qiynalmay davom ettirdi. Sohaning iqtisodiyotdagi ulushi tez sur’atlarda oshib bormoqda. Masalan, o‘tgan yil turizm xizmatlarining viloyatimiz yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 0,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida 1,2 foizdan oshdi. Albatta, bu ham katta raqam emas, ammo bugun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar tufayli ko‘rsatkich oshib borishi aniq.

Ayni paytda viloyatimizda 6642 o‘rinli 154 ta mehmonxona, 791 o‘rinli 32 ta xostel va 2585 o‘rinli 270 ta mehmon uyi mavjud. Yilning dastlabki besh oyida 14 ta mehmonxona, 28 ta mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tur-operatorlar soni 10 taga oshdi va 200 ga yaqinlashdi.

Mehmonxona va turistik firmalar faqat Samarqand shahrida tashkil etilmayapti, viloyatimizning boshqa hududlarida ham ochilmoqda. Jumladan, yaqinda Kattaqo‘rg‘on tumanida 25 o‘rinli bitta mehmonxona, Toyloq tumanida 6 ta va Nurobod tumanida 4 ta oilaviy mehmon uyi ochildi.

Yangi yo‘nalish va xizmatlar ko‘paydi

Shu paytgacha Samarqandga keladigan sayyohlar asosan shahardagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarga borish bilan cheklanardi. Ziyorat turizmi yo‘nalishidagi sayyohlar Imom Buxoriy majmuasi va shu kabi boshqa ob’yektlarga borardi. Endilikda Samarqandda ziyorat turizmi ob’yektlari soni 50 tadan oshdi. Shuningdek, 42 ta gastronomik turizm nuqtasi, 25 ta ekoturizm maskani, 21 ta tibbiy turizm muassasasi, 10 ta etnoturizm, 16 ta agroturizm ob’yekti tashkil etildi va ularning barchasida hamma vaqt sayyohlar bor.

– Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar asosan xalqimizning milliy turmush tarziga, urf-odatlariga qiziqish bildiradi, – deya so‘zida davom etadi R.Qobilov. – Shu maqsadda ikki yil oldin Samarqand tumanidagi tarixiy Konigil qishlog‘ini turizm qishlog‘iga aylantirib, bu yerdagi Siyob arig‘i atrofi obod qilindi va ellikdan ortiq turistik xizmatlar ob’yekti, jumladan, 20 ta mehmon uyi, 15 ta ustaxona, suviner do‘konlari va milliy taomlar tayyorlash oshxonalari, novvoyxona, un tegirmoni, sholini oqlash tegirmoni ishlayapti. Sayyohlar ularning faoliyati bilan tanishish barobarida shu mahsulotlardan tayyorlangan milliy taomlarni tatib ko‘rishlari, bu taomlarni tayyorlash jarayonlarini kuzatishlari mumkin. Masalan, Konigilda yetishtirilgan guruch shu yerdagi tegirmonda tozalanib, palov tayyorlanadi.

Konigildagi tajriba o‘zini oqlagach, Urgut tumanidagi Tersak, Payariqdagi Choshtepa, Nuroboddagi Oqsoy, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Andoqsoy va Qo‘shrabotdagi Pangat qishloqlarini turizm qishlog‘iga aylantirish ishlariga kirishdik. Mazkur turizm qishloqlarida bir qator xizmat ko‘rsatish turlari, ya’ni oilaviy mehmon uylari, milliy taomlar tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, kulolchilik, kashtachilik kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ekstremal turizm yoki safar turizmi yo‘nalishida 5 ta yangi yo‘nalish tashkil etildi. Ya’ni, 22 kilometrlik “Samarqand – Tarag‘ay” yo‘nalishida Amir Temur g‘origacha, 12 kilometrlik “Samarqand-Sharshara” yo‘nalishida ekstremal tog‘ turizmi bo‘ylab sayohat qilish mumkin. Bu yo‘nalishlarda alpinizm, tog‘ bo‘ylab piyoda yurish, velosipedda harakatlanish imkoniyati yaratilgan.

Turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, sayyohlarga tunu kun savdo va servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ham aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Samarqand shahridagi Islom Karimov ko‘chasini shopping turizm ko‘chasiga, Bozorov ko‘chasini pab-strit ko‘chasiga, Alisher Navoiy ko‘chasini san’at va turizm ko‘chasiga aylantirish ishlari olib borilmoqda. Shaharning markaziy va sayyohlar ko‘p xarakatlanadigan ko‘chalarida 30 dan ziyod FOOD TRUCK (ko‘chma ovqatlanish shoxobchalari) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xuddi shunday ko‘chalar barcha tuman va shaharlarda ham tashkil etilmoqda.

Sayyohlarni ko‘proq jalb qilishning yana bir usuli ommaviy sayil va festivallarni ko‘paytirishdir. Bu borada yil yakuniga qadar 12 ta yirik tadbir, jumladan, 1 ta yarmarka, 5 ta festival, 2 ta sport tadbiri, 2 ta ko‘rgazma tanlovi, 1 ta karnaval hamda yoshlar va ziyorat turizm haftaligi tadbirlari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu tadbirlar belgilangan vaqtda o‘tkazib kelinmoqda. Masalan, Navro‘z umumxalq bayrami kunlarida Samarqand shahrida “Kabob festivali”, Jomboy tumanida “Uloq ko‘pkari” musobaqasi, Urgut tumanida “Milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi” o‘tkazildi. Yil yakuniga qadar “Samarqand non sayli”, “Anjir sayli” kabi tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Viloyatga tashrif buyuruvchi sayohlarga qulayliklar yaratish maqsadida yaqinda Samarqand xalqaro aeroportida yengil avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish xizmati joriy etildi.  Ushbu xizmat doirasida o‘nga yaqin “Volkswagen” va “Mersedes-Benz” rusumli elektromobillar xorijiy turistlarga ijaraga berilmoqda. Alisher Navoiy ko‘chasining Universitet xiyoboni bilan kesishgan qismida velosiped to‘xtash joyi va ijara xizmati tashkil etildi.

Viloyatdagi sayyohlar ko‘p boradigan 26 ta muzey va madaniy meros ob’yektlarida ham sayyohlar uchun munosib shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ushbu ob’yektlarning aksariyatida panduslar o‘rnatilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun imkoniyatlar kengaytirilgan. Shuningdek, ob’yektlarda audiogid, gid-tarjimon, milliy liboslar ijarasi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Registon maydonida madaniy dasturlar, konsertlar namoyish etilmoqda. Muzeylar soat 22:00 gacha faoliyat ko‘rsatmoqda.

Zamonaviy aeroportdan ko‘rkam maskanlar sari

BMT xalqaro turistik tashkiloti (UNWTO) ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasi o‘sish sur’ati bo‘yicha jahonda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Bu albatta, sayyohlarga zamon talablariga mos sifatli xizmat ko‘rsatishni, zamonaviy infratuzilma yaratishni taqozo etadi.

Ayni shu maqsadda 2018 yilda Samarqand xalqaro aeroportini kengaytirish rejalashtirildi. 2019 yilning iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan loyiha miqyosi yanada yiriklashdi. Aeroport bilan birgalikda Samarqandda zamonaviy turistik markaz qurish belgilandi.

Ikki yil davomida Samarqand aeroportida qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy terminal binosi hamda yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, zamonaviy radiolokatsiya tizimi, 24 ta samolyot hamda 700 avtomobil uchun turargoh barpo etildi. Ikkita teleskopik trap orqali 4 ta samolyotga chiqish yenglari hozirlandi.

Aeroportning yangi terminalining yo‘lovchi o‘tkazish quvvati soatiga 1000 kishini tashkil etadi. Muntazam reyslar soni esa haftasiga 120 tagacha yetadi. Ayni paytda mazkur aeroport mahalliy aholi va xorijlik sayyohlarga o‘z eshiklarini ochib, sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda Islom olamining qutlug‘ ziyoratgohlaridan biri sanalgan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasini ham qayta qurish ishlari davom etmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu majmua buyuk muhaddis Imom Buxoriy bobomizning muqaddas dinimiz yo‘lidagi xizmatlariga munosib tarzda bunyod etilmoqda. Bu yerda 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy merosi va moddiy madaniy meros ob’yektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 3 ta mehmonxona va 24 ta oilaviy mehmon uylaridan iborat, shuningdek 3000 nafar ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi “halol” standartiga ega umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.

Prezidentimiz 15 iyul kuni Samarqandga tashrifi davomida ham mazkur ob’yektda bo‘lib, qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, bu yerda ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Samarqand tumanida joylashgan eshkak eshish kanali atrofida 260 gektar maydonda yangidan bunyod etilayotgan “SILK ROAD SAMARKAND” turistik majmuasi ham bugun Samarqanddagi eng yirik va asosiy qurilish ob’yektlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda so‘nggi pardozlash va hududni obodonlashtirish ishlari davom etayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 353 million dollarga baholanmoqda. Yaqin kunlarda ochilishi rejalashtirilgan ko‘p tarmoqli sayyohlik majmuasi nafaqat Samarqand, balki butun Markaziy Osiyo uchun zamonaviy majmuaga aylanishi, madaniy, gastronomik, tibbiy va ishbilarmonlik turizmi ob’yektlarini birlashtirishi ko‘zda tutilmoqda.

Markazda jahon andazalari darajasidagi mehmonxonalar, istirohat bog‘i, dam olish maskanlari, restoranlar, kafe va barlar, shuningdek, xalqaro anjumanlar markazi va madaniyat maskanlari joylashadi. Xalqaro arxitektorlar va muhandislar jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy loyiha turli tematik zonalarni butun Markaziy Osiyo mintaqasida o‘xshashi bo‘lmagan uyg‘un me’moriy ansamblga birlashtirgan.

Kompleks bir nechta bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, eshkak eshish kanalining shimolida kongress markazi va landshaftlar bilan bezatilgan to‘rtta hashamatli mehmonxonani o‘z ichiga olgan biznes klaster joylashgan. Janubiy klasterga har birining o‘ziga xos davolash-sanatoriy yo‘nalishiga ega bo‘lgan to‘rtta butik mehmonxona, shuningdek, ekoqishloq, “Abadiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi, savdo maydonchalari kiradi.

Mazkur ob’yekt haqida batafsil to‘xtalmaymiz. Sababi bu haqda yaqin kunlarda majmua ochilishi munosabati bilan kengroq, alohida material tayyorlaymiz.

Umuman, ayni chog‘da Samarqand viloyatida turizm sohasida 365 ta yangi loyiha amalga oshirilmoqda va ularning ishga tushishi bilan 15 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ish o‘rni shuncha bo‘lganidan keyin, bu maskanlar xizmat ko‘rsatadigan turistlar sonini tasavvur qilavering.

Bugun Samarqand – jahon turizm markazlaridan biriga aylanmoqda. Bu balandparvoz gap emas, real haqiqat. Buni xalqaro tashkilotlar e’tirof etmoqda, dunyo ahli Samarqandga intilmoqda. Samarqand tom ma’noda yer yuzining sayqaliga aylanib, dunyo ahlini o‘ziga chorlamoqda.

Samarqandga xush kelibsiz!

G‘olib Hasanov,

Alisher Isroilov (surat).