Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA)da tahsil olgan yoshlar xorijda ishlaydi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi tomonidan Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA)da yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov ishtirok etdi.

Ayni paytda mazkur markazda tuman va shahar bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan yo‘llanma asosida yuborilgan ishsiz yoshlar zamonaviy kasblarga qayta o‘qitilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, markazda ishsizlarni va vaqtincha band bo‘lmagan aholi va doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan shaxslarni axborot texnologiyalari, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik ishlari, kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari, mashinasozlik yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash belgilangan. Shu paytgacha 2 mingga yaqin yoshlar mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar o‘rganib, xorij va yurtimizning turli hududlaridagi korxona, tashkilotlarda mehnat qilmoqda.

Tadbir davomida A.Hayitov markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi, yoshlar bilan suhbatlashdi. Markaz faoliyatini yuqori baholashi va bundan keyin ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini qayd etdi.

Tadbir yakunida bu yerda yoshlarni O‘zLiDeP a’zoligiga jalb qilgan holda boshlang‘ich partiya tashkiloti ochishga kelishib olindi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi axborot xizmati.