Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Samarqand – Nukus” xalqaro yo‘llari yoqasida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, dunyoda servis sohasining YaIMdagi ulushi o‘rtacha 61 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 36 foizni tashkil qiladi. Lekin 86 foiz qo‘shilgan qiymat shu sohada yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryoda aholi jon boshiga xizmatlar hajmi mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar pastligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bu sohada zaxiralar ko‘pligi ta’kidlanib, hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish etib belgilandi.

Avvalo, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yaxshilash orqali 700 milliard so‘mlik qo‘shimcha xizmatlar yaratish imkoni borligi ta’kidlandi. Jumladan, 150 dan ortiq tuman va shahardan o‘tadigan 10 ming kilometr yo‘lda 400 dan ziyod yirik servis ob’yektlari uchun ehtiyoj mavjud.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga “Toshkent – Andijon”, “Toshkent – Termiz” hamda “Samarqand – Nukus” xalqaro yo‘llari yoqasida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investorlar ishtirokida istirohat bog‘lari hamda xiyobonlarning bir qismida yengil konstruksiyali savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar ob’yektlar tashkil etish, ta’lim, madaniyat, sport va sog‘liqni saqlash ob’yektlarining bo‘sh turgan qismini tadbirkorlarga berish orqali ham ko‘plab xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkin.