Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahri transport tizimini rivojlantirish loyihasi xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

Dasturda xorijiy kompaniya va mutaxassislarni jalb etgan holda transport tizimining tegishli ko‘rsatkichlari bo‘yicha yangilanib boriladigan raqamli bazani takomillashtirish, transport tizimining matematik modellarini ishlab chiqish, shahar transport tizimini qisqa va o‘rta muddatli rejalashtirish mexanizmini joriy etish nazarda tutiladi.

Bir qancha yo‘nalishlarni rivojlantirish qatorida Samarqand shahrining transport tizimini kompleks rejalashtirish maqsadida modellashtirishni joriy etishga ham e’tibor qaratilgan.

Davlat dasturida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va zamonaviy talablar asosida bajarishni tashkil qilish maqsadida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand shahri va unga tutash bo‘lgan hududlarni transport logistikasini tubdan o‘zgartirish, ya’ni avtomobil yo‘llari va yo‘l ko‘rsatkichlarni tubdan o‘zgartirish, yo‘lovchilar oqimini hisobga olgan holda jamoat transporti harakati yo‘nalishlarini belgilash, xizmat sifatini yaxshilash, tizimni qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy talablarga moslash to‘g‘risida so‘z bordi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurov ishtirok etib, transport tizimini kompleks rejalashtirish va modellashtirishni joriy etish maqsadida xorijiy kompaniya va mutaxassislar jalb etilganligini, Samarqand shahri transport tizimini istiqbolli rivojlantirish bo‘yicha transport-master rejasini ishlab chiqish loyihasi xorijiy kompaniyalar hisobidan amalga oshirish rejalashtirilayotganligini ta’kidladi.

Sohaga aloqador tashkilot rahbarlaridan mazkur loyihani amalga oshirish uchun talab qilinayotgan ma’lumotlarni tezkor va ishonchli tarzda yetkazib berish so‘raldi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.