Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida taksi haydovchilardan ta’magirlik qilib kelgan jinoiy to‘da faoliyatiga chek qo‘yildi

Jinoiy guruh a’zolariga qarshi chiqqan yoki ularga pul bermagan fuqarolarga nisbatan guruhga yollangan bir guruh uyushgan sportchilar orqali zo‘ravonlik va og‘ir turdagi tan jarohatlari yetkazib kelishgan.

Avvalroq Bulung‘urda yuzlab taksi haydovchilaridan doimiy ravishda pul olib yurgan tovlamachilar guruhi viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan fosh etilgan edi. Shunga o‘xshash holat Samarqand shahrida ham aniqlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 16 fevral kuni o‘tkazilgan tadbirda Samarqand shahrida yashovchi haydovchilardan ta’magirlik qilib kelgan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, Samarqand shahrida yashovchi bir qator kriminalitet vakillari — muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan 7 nafar shaxslar “Samarqand-Navoiy” va “Samarqand-Buxoro” yo‘nalishida qatnovchi haydovchilardan zo‘ravonlik va tovlamachilik yo‘li bilan, doimiy yo‘nalishda taksichilik qilish uchun 300-500 AQSh dollari hamda kunlik qatnovchi haydovchilardan 30 000-50 000 so‘mgacha pul mablag‘larini ta’magirlik yo‘li bilan undirib kelishgan.

Jinoiy guruh a’zolarining faoliyatiga qarshi chiqqan yoki so‘ralgan pul mablag‘larini bermagan fuqarolarga nisbatan guruhga yollangan bir guruh uyushgan sportchilar orqali jismoniy tazyiq, zo‘ravonlik va og‘ir turdagi tan jarohatlari yetkazib kelishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda guruh yetakchilari “V.F.” va “E.D.”lar tadbirga jalb qilingan fuqarolarga tovlamachilik qilayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.