Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida may oyida boshlangan "dom" ta’miri qishda ham bitmadi, odamlar norozi bo‘lmoqda

Tahririyatimizga Samarqand shahri, Amir Temur ko‘chasi, 97-ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Dina Sharipova murojaat qilib, o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning may oyida boshlangan qurilish-ta’mirlash ishlari hali ham tugamayotganidan shikoyat qilgan edi. Shuningdek, bu ishlarining sifatiga ham e’tiroz bildirmoqda.

Mazkur uy ta’miri viloyat injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan «Oqdaryo Husniddin savdo» xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ko‘rsatilgan manzilga borib, holat bilan yaqindan tanishdik.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish dasturi bo‘yicha joriy yil aprel-may oylaridan boshlab 59,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga A.Temur ko‘chasida 5 ta, Rudakiy ko‘chasida 11 ta, Gagarin ko‘chasida 39 ta, Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida 14 ta, shuningdek, Bog‘dod, Navoiyshox, Beruniy, Ibn Sino kabi ko‘chalarda jami 105 ta ta’mirga muhtoj ko‘p qavatli uylarda mukammal ta’mirlash ishlari boshlangan edi.

Murojaatda ko‘rsatilgan Amir Temur ko‘chasidagi 97-uy dasturdagi ana shu uylarning biri. Biroq mana oradan 9 oy o‘tibdiki mazkur uyning ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmay qolgan. Bu yerda murojaatchilarning fikrlariga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q.

Darhaqiqat, «Oqdaryo Husniddin savdo qurilish korxonasining quruvchilari o‘z vazifalariga ma’suliyat bilan yondoshmagani ko‘rinib turibdi.

Uyda yashovchilarning ta’kidlashicha, mazkur binoning 80 foiz ta’mirlash ishlari kechikib ketyapti. Tom chala yopilgan, kanalizatsiya ishlari oxiriga yetkazilmagan. Devorlarning ta’mirlash, bo‘yash ishlari chala qolgan. Hali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan sababli uyning atrofida qurilish chiqindilari uyilib qolgan.

Qurilish ishlari olib borilgan binoda elektr energiyasi kabellari va simlari o‘rgamchak uyasidek tarvaqaylab osilib yotibdi. Novlar o‘z joyiga o‘rnatilmagan.
Nima bo‘lganda ham Me’mor qurilish loyiha MChJ mutaxassislari tomonidan loyihada ayrim xato va kamchiliklar tufayli butun boshli uydagi kamchiliklar yaqqol ko‘rinib koldi.

Ajratilgan mablag‘lar sarflab bo‘lingan, qolaversa, ayrim ishlar uchun qaytadan pul sarflab amalga oshirilgan. Endi yana mablag‘ topish oson emas. Qolgan ishga qor yog‘ar deb bekorga aytishmaydi. Buni kim xal qilish masalasini esa mutasaddilarga havola qilamiz.

Dilmurod TO‘XTAYeV, Baxtiyor Mustanov Zarnews uchun maxsus.