Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida quriladigan ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida avtomobil turargohlari quriladi

Samarqand shahar hokimligi olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar uchun press-tur tashkil etdi.

Dastlab qatnashchilar aeroport atrofida, xususan, Oydin yo‘l ko‘chasi bo‘ylab qilinayotgan ishlar va Shirin mahallasi hududida qurilishi rejalashtirilayotgan turistik hudud hamda ko‘p qavatli yangi aholi massivi rejasi bilan tanishdi.

– Bu yerga kelish uchun hozirda Po‘latdarxon mahallasi orqali uzoq masofani bosib o‘tish kerak bo‘ladi, - deydi  shahar hokimligi mas’ul xodimi Firdavs Istamov. - Kelajakda Zarafshon daryosi ustidan ko‘prik qurilib, shahar bilan eng yaqin masofada qatnov yo‘lga qo‘yiladi. Bu hududda ko‘p qavatli uylar qurilib, yuz ming aholi yashashiga mo‘ljallangan maskan bunyod etiladi. Ayni paytda shaharcha qurilishi mo‘ljallangan hududda yashovchi aholiga “snos” bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilgan. Eng muhimi, «snos»lar amalga oshirilayotganda birorta xonadon egasi norozi qilinmaydi. Har bir mulk egasi bilan maxsus komissiya o‘rganish olib borib, kelishilgan holda mulkning qiymati baholanib, ularga uy-joy olib berilyapti yoki kompensatsiya pullari to‘lanyapti.

Shaharning Rudakiy ko‘chasida o‘tgan yilning dekabr oyida qurilishi boshlangan ishlar so‘nggi bosqichga yetib kelgan. Press-tur qatnashchilari bu yerdagi jarayon bilan ham tanishdi.

- Yo‘lning Gagarin ko‘chasi bilan kesishgan qismigacha asfaltlash ishlarini yakunlayapmiz, - deydi viloyat mintaqaviy yo‘llar buyurtmachi xizmati korxonasi xodimi Eldor Bekmurodov, - Hozirda yoritkich chiroqlarini o‘rnatish va piyodalar yo‘lagini qurish ishlari davom etyapti. Joriy yilning oktyabr oyigacha qurilish ishlarini tugatamiz.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, asfaltning mustahkamligi og‘ir yuk tashuvchi transportlar uchun ham mo‘ljallangan. Yo‘lning ta’miri uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Press-tur so‘nggida matbuot anjumani tashkil etildi. Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Rustam Olimov anjuman ishtirokchilariga ko‘p qavatli uylarning qurilishi, “snos” va ichki yo‘llarda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi.

- Bugungi kunga kelib shahrimizda transport tirbandligi katta muammoga aylangan. Istaymizmi, yo‘qmi bu muammo qurilishda ayrim qo‘shimcha zarur talablarni ham keltirib chiqaradi, - deydi R.Olimov. – Xususan, hozirda ko‘p qavatli uylarni quruvchi tashkilotlarga uyning yerto‘lasida avtomobil turargohlarini qurish talabi qo‘yilyapti. Sababi, ko‘p qavatli uylar oldida ham tartibsiz holat yuzaga kelyapti.

Shahar hokimi o‘rinbosari bu yil ichki yo‘llarning 150 kilometr qismi ta’mirlanishi, ayniqsa, bu ishlarda piyodalar va veloyo‘laklarning qurilishiga katta ahamiyat berilayotganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar soha bo‘yicha savollariga javob olishdi.

Sulaymon Mardiyev.