Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi ayrim maktablarda bitta sinfda 40-50 nafar o‘quvchi tahsil oladi

Viloyat yoshlar markazida Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimlarining an’anaviy avgust kengashi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash lozimki, avgust konferensiyasi o‘tgan o‘quv yili yakunlarini tahlil qilish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikka qaratilgan muhim an’anaviy tadbir sanaladi.

Tadbirda qayd qilinganidek, bugungi kunda Samarqand shahrida 79 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan o‘quv yilida mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4403 nafar pedagog xodimlar 85 ming 632 nafar o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya bergan.

Joriy yilning o‘tgan davvrida xalq ta’limi tizimdagi muammolarni bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 175 milliard 966 million 253 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, maktablarning byudjetdan tashqari qo‘shimcha daromad topishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, muayyan amaliy natijalarga erishilgan. Xususan, o‘tgan yetti oy davomida maktablarning maxsus hisob raqamlarida 357,7 million so‘m mablag‘ jamlangan.

2019-2020 o‘quv yilidan 11 yillik umumiy o‘rta ta’limga to‘liq o‘tilishi munosabati bilan qamrash koeffitsiyentdan oshib ketishi kutilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini yaqin atrofdagi binolari bo‘shayotgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga joylashtirish choralarini ko‘rish, 10-, 11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarini o‘quv-ishlab chiqarish majmualariga biriktirish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidan bo‘shaydigan o‘qituvchilar hisobidan pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Sohada olib borilayotgan bu kabi ijobiy ishlar bilan bir qatorda hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar ham mavjud. Jumladan, 17, 35, 45, 51-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bitta sinfda 40, hatto 50 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda.

Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 95 ta kompyuter sinflari, ushbu sinflarda 1410 dona kompyuter mavjud. Biroq 19-, 59-, 74-, 78-maktablarga ayni paytga qadar kompyuter sinflari berilmagan. Shuningdek, shahardagi 14 ta umumiy hamda 1 ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabidagi kompyuter jihozlari 2006-2010 yillarda berilgan bo‘lib, ular texnik jihatdan eskirgan.

Ta’lim muassasalari rahbarlariga “ZiyoNet”dan foydalanish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan bo‘lishiga qaramay internetdan foydalanish ahvoli mutlaqo qoniqarsiz. Maktablarga optik tola orqali internet tarmog‘i o‘tkazilishida rahbarlarining ham intilishi bo‘lganda edi, ushbu masala ijobiy hal etilardi.