Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi

Davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat faollari, ziyolilar, shahar va tumanlardan tashrif buyurgan turli soha hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi. Viloyat hokimi bu yilgi bayram «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali tantanalariga ulanib ketganligi, festivalda davlatimiz rahbarining nutq so‘zlashi, qadimiy yurtimiz va uning ma’rifatli xalqi sha’niga aytgan iliq so‘zlari har bir samarqandlik qalbiga g‘urur bag‘ishlashini qayd etdi.

- Bugungi bayramning biz uchun ahamiyati shundaki, Prezidentimizning farmoniga ko‘ra «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Hasan Normurodovga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berildi, - dedi viloyat hokimi. - Bu unvon davlatimiz rahbarining viloyatimiz salohiyatiga, ijtimoiy muhitiga e’tibori va e’tirofidir.

Qayd etilganidek, mamlakatimizdagi bunyodkorlik, jo‘shqinlikning asosiy sababi bu - eng avvalo, mustaqillik bergan huquq va erkinliklar hamda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar samarasidir.

Misol uchun, shu yilning o‘zida viloyatimizda turli manbalar hisobidan 540 o‘rinli yangi maktab qurildi, 10 ming 992 o‘ringa mo‘ljallangan 34 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 15 ta maktab mukammal ta’mirlandi.

Bolalarni maktabgacha tarbiya muassasalariga qamrab olish borasidagi ishlarni ham alohida e’tirof etish mumkin. Xususan, yil boshidan buyon shahar va tumanlarda 931 ta bolalar bog‘chalari qurib, foydalanishga topshirildi. Qishloqlarda 500 dan ziyod uy-bog‘chalari ochildi. Yil oxirigacha qishloq va shaharlarda yana 109 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 453 ta oilaviy va 42 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ochiladi. Shu tariqa bolalarni bog‘chalarga qamrovi 51,6 foizga yetkaziladi.

Viloyatimizda yoshlarning ilm olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan, «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va Samarqand veterinariya meditsinasi institutlaridan keyin Samarqandda Toshkent iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, shuningdek, Rossiya jismoniy tarbiya, sport va turizm universitetining filiallari ochildi.

Bundan tashqari, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida ham bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada birgina ichimlik suvi masalasida olib borilayotgan ishlarning o‘zi ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlardan odamlarni rozi qilish asosiy diqqat-e’tibor markazida ekanligini isbotlaydi.

Jumladan, joriy yilda aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida barcha manbalar hisobidan 156,4 milliard so‘m va xorijiy kredit mablag‘lari hisobidan 85,4 million AQSh dollari evaziga 262 ta ob’yektda ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirda viloyatimiz va poytaxtdan kelgan san’atkorlarning konsert dasturi namoyish etildi.