Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrining Cho‘ponota massivida xalqaro avtoshohbekat quriladi

Samarqandda respublikamizning eng ko‘p viloyat va shaharlaridan, qolaversa, qo‘shni davlatlardan keladigan yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun qulay hududda avtoshohbekat qurish maqsadida shaharning Cho‘ponota massividan 4 gektar yer maydoni tanlangan. Ayni paytda bu yerda qurilish ishlari davom etmoqda.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda barpo etilayotgan ushbu avtoshohbekatning qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Dastlab qurilish loyihasi haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, avtoshohbekat qurilishi bo‘yicha “SXF Kemping” mas’uliyati cheklangan jamiyati onlayn-auksion g‘olibi deb topilgan va qurilishning loyiha hujjatlari “Yakxyoev proekt servis” MChJ tomonidan ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda ish olib borilmoqda. Loyiha - avtoshohbekat bir vaqtning o‘zida 150 ta avtobus, 200 ta mikroavtobus va 300 ta yengil turdagi transport vositalarini qabul qilishga mo‘ljallangan.

Shuningdek, loyihada avtoshohbekatning asosiy ma’muriy (yo‘lovchilar kutish zali) binosi, avtobuslar, mikroavtobuslar va yengil turdagi transport vositalari uchun texnik xizmat ko‘rsatish binolari, avtoturargohlar, avtobuslarning xalqaro, viloyatlar va shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanish maydonlari (yo‘lovchilar uchun perron), tumanlararo va shahar yo‘nalishi bo‘yicha avtobus va mikroavtobuslarning harakatlanish maydonlari (yo‘lovchilar uchun perron), yo‘nalishsiz taksilarning shahar yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanish maydonlari, yo‘lovchi va haydovchilar uchun tibbiy xizmat, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish ob’yektlari, ko‘ngilochar va turli dam olish maydonlari qurilishi nazarda tutilgan.

- Ob’yektda qurilish-montaj ishlari 2021 yilda boshlangan bo‘lib, bugungi kunda avtoshohbekatning asosiy ma’muriy binosi (yo‘lovchilar kutish zali) va avtobuslar uchun texnik xizmat ko‘rsatish binolarida 40-45 foiz qurilish-montaj ishlari olib borildi, - deydi viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sayfiddin Narziqulov. - Qurish ishlari 2023 yilning to‘rtinchi choragida yakunlanib, foydalanishga topshiriladi va mazkur loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 

Fazliddin Ro‘ziboyev.