Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanidagi fermer xo‘jaligi joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 2 milliard so‘mlik mahsulot eksport qildi

Keyingi yillarda respublikamizda ishlab chiqarishni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan chora-tadbirlar hayotga keng tatbiq etilmoqda. Xususan, tumanimizda ham bu boradagi ishlar jadal olib borilayotir.

Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov ayni jarayonlarning borishi, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va eksport qilishda qaysi jihatlarga alohida e’tibor qaratish kerakligi, pirovardida iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishga xizmat qilishini o‘rgandi. Jumladan, aksiyadorlik jamiyati “Samfruit” xorijiy korxonasida bo‘lib, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va konservalashning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishdi.

Mazkur korxonada 2018 yilda 90,4 tonna quritilgan piyoz va 300,3 tonna boshqa turdagi sabzavot mahsulotlari qayta ishlangan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichlar yanada ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek hokim “Rustamov Temur” fermer xo‘jaligida bo‘lib, u yerdagi 1400 tonna sig‘imga ega muzlatkich faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.

- Meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirishda mahsulot yetishtirishning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llash, ularni saqlashning zamonaviy usullarini joriy qilish, oziq-ovqat tanqisligining oldini olishga imkon yaratadi, - dedi hokim. – Shu bilan birga tuman iqtisodiy salohiyatining o‘sishi hamda aholi farovonligini ta’minlaydi. Faqat meva-sabzavotlar nobud bo‘lishining oldini olmasdan, balki ekiladigan maydonlarni kengaytirish, olinadigan hosilning ortib borishi ham bu soha mutaxassislari oldiga katta vazifalarni yuklaydi. Buning uchun birinchi navbatda, ekiladigan navlarning sifati va ularga agrotexnik ishlov berish jarayonlariga qaratiladigan e’tibor juda muhim.

“Rustamov Temur” fermer xo‘jaligi 2018 yilda 67,5 tonna bug‘doy, 65 tonna kartoshka, 125 tonna sabzi va 295 tonna uzum yetishtirib, eksport qildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 926 million so‘mlik mahsulot eksport qilinishiga erishildi.

O‘rganishlar jarayonida tumanning iqtisodiy salohiyatining o‘sishi uchun qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar rejasi ishlab chiqildi.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.